Dog‘istonda AYoQShda sodir bo‘lgan portlashda 10 kishi halok bo‘ldi
Mahachqal’a chekkasidagi yonilg‘i quyish shoxobchasida kamida bitta portlash sodir bo‘ldi va yong‘in chiqdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, bunga benzin yonishi sabab bo‘lgan. Hodisa oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohatlandi.

Foto: Rossiya FVV
27 sentabr, juma kuni Mahachqal’a chekkasida joylashgan Noviy Xushet poselkasidagi yonilg‘i quyish shoxobchasida portlash sodir bo‘ldi, natijada 10 kishi halok bo‘ldi, 11 kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda «Interfaks» agentligi Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligiga tayanib. Rossiya Federatsiyasi sog‘liqni saqlash vazirining yordamchisi Aleksey Kuznetsovning ma’lum qilishicha, sakkiz nafar jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan, ulardan birining ahvoli og‘ir.
Soat 20.00 ga kelib yong‘in 500 kvadrat metr maydonni qamrab oldi. SHOT Telegram-kanalining yozishicha, portlash episentriga yaqin joyda joylashgan yonilg‘i quyish shoxobchasi oshxonasidan 14 kishi qutqarib olingan. Nashrning xabar berishicha, oshxona yaqinidagi devor qulagan, qutqaruvchilar vayronalarni tozalash bilan shug‘ullanyapti.
Voqea yuzasidan «xavfsizlik talablariga javob bermaydigan va ikki yoki undan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan xizmatlar ko‘rsatish» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bunday jinoyat uchun maksimal jazo — yetti yil qamoq. SHOT nashrining yozishicha, portlash benzin yonishi natijasida sodir bo‘lgan. Boshqa manbalarda bu ma’lumot tasdiqlanmagan.
Dog‘istonda 28 sentabr portlash qurbonlari xotirasiga motam kuni deb e’lon qilindi, deb xabar berdi respublika rahbari matbuot xizmati.
Mavzuga oid

17:22 / 09.03.2025
Checheniston va Dog‘istonda Telegram bloklandi

23:44 / 05.03.2025
Dog‘istonda bola ko‘targan ayolning boshiga muz qulab tushdi (video)

16:32 / 16.01.2025
Boshqalardan qarz bo‘lmagan o‘zbeklar – Dog‘istonda “O‘zbekiston” shaharchasi qanday paydo bo‘lgandi?

16:56 / 22.12.2024