Apple korporatsiyasi ChatGPT’ni yaratgan OpenAI kompaniyasini moliyalashtirish bo‘yicha muzokaralardan chiqdi, deb xabar beradi The Wall Street Journal.
Nashrning qayd etishicha, Apple boshqa yirik yuqori texnologiyali kompaniyaga moliyaviy sarmoya kiritish imkoniyatini muhokama qilgani — bu kamdan kam uchraydigan holat hisoblanadi.
OpenAI’ni oldingidek Kremniy vodiysining boshqa yirik kompaniyalari — Microsoft va Nvidia, shuningdek, Thrive Capital venchur kompaniyasi, Tiger Global Management investitsiya va BAA hukumati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan MGX kompaniyalari moliyalashtirish niyatida.
Thrive Capital ChatGPT ixtirochisiga 1 milliard dollarga yaqin sarmoya kiritmoqchi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Microsoft ham xuddi shuncha mablag‘ ajratmoqchi — bunga qadar OpenAI ushbu kompaniyadan 13 milliard dollar olgan.
OpenAI’ni moliyalashtirishning navbatdagi raundida 6,5 milliard dollargacha mablag‘ jalb etish reja qilingan.
Iyun oyida Apple kompaniyasi OpenAI bilan ChatGPT’dan o‘zining sun’iy intellekt dasturlarida foydalanishga kelishib olgandi. Nvidia esa o‘z navbatida, eng zamonaviy chiplarini ishlab chiqarishga qaratilgan tadqiqot loyihalari doirasida OpenAI bilan yaqindan hamkorlik qilib keladi.