AQSh prezidentligiga nomzod Donald Tramp 26 sentabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Nyu-Yorkdagi Trump Tower osmono‘par binosida uchrashishini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv AQShning Sharqiy qirg‘oq vaqti bilan 09.45 (Toshkent vaqti bilan 18.45) ga mo‘ljallangan. Zelenskiyning o‘zi va uning jamoasi bu ma’lumotni hali tasdiqlaganicha yo‘q.
Shu bilan birga, Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi blogida Ukrainaning AQShdagi elchisi o‘rinbosaridan olingani aytilayotgan xatni joylashtirdi. Unda Volodimir Zelenskiy nomidan «bir-birimizni 100 foiz tushunish» uchun shaxsan uchrashish so‘raladi. Boshqa manbalardan bu maktubning haqiqiyligi ham tasdiqlanmagan.
OAVning yozishicha, Tramp Zelenskiy bilan uchrashishdan oldin Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashmoqchi.
Ayni paytda Volodimir Zelenskiy AQShga tashrifini yana bir kunga uzaytirdi. Bu haqda «Amerika ovozi»ning Oq uydagi muxbiri Yuliya Yarmolenko X ijtimoiy tarmog‘ida delegatsiyadagi manbalarga tayanib xabar berdi. Hozircha Zelenskiy va Trampning ehtimoliy uchrashuvi haqida ma’lumot yo‘q, deya qo‘shimcha qildi u.
Zelenskiy Vashingtonda Bayden va Harris bilan uchrashdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 26 sentabr kuni Oq uyda amerikalik hamkasbi Jo Bayden bilan uchrashdi. Yanvar oyida vakolat muddati tugaydigan Bayden Zelenskiyga Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishontirdi. Bundan tashqari, u Qo‘shma Shtatlar Kiyevga yangi harbiy yordam paketini ajratishini ma’lum qildi, uning hajmi 2,4 milliard dollarni tashkil qiladi. «Ochig‘ini aytsam: Rossiya urushda g‘alaba qozonmaydi. Ukraina g‘alaba qozonadi va biz sizning yoningizda turishda davom etamiz», — dedi Amerika davlat rahbari.
Bundan tashqari, Zelenskiy Vashingtonda AQSh vitse-prezidenti, noyabr oyidagi prezidentlik saylovlarida Demokratik partiyadan nomzod Kamala Harris bilan uchrashdi. Harris, shuningdek, Ukraina prezidentini Vashingtonning Kiyevni qo‘llab-quvvatlashi qat’iy bo‘lib qolishiga ishontirdi. Bundan tashqari, u «Ukrainani suveren hududining muhim qismidan voz kechishga majburlamoqchi bo‘lganlarni, Ukrainadan betaraflikni qabul qilishni talab qilayotganlarni» tanqid qildi. «Bu takliflar Putin tomonidan aytilganlarga o‘xshaydi va aniq aytaylik: bular tinchlik takliflari emas», — deya ta’kidladi AQSh vitse-prezidenti. AP Harrisning so‘zlarini saylovdagi raqibi respublikachi Donald Tramp tashabbuslarining bilvosita tanqidi deb baholadi.