Shimoliy koreyalik hakerlar Germaniyadagi qurolsozlik kompaniyasiga hujum uyushtirdi

Jahon 23:15 / 27.09.2024 2591

Shimoliy Koreya hakerlari Germaniyaning Diehl Defence mudofaa kompaniyasiga kiberhujumlarni amalga oshirdi. Ular virusli elektron maktublarni yo‘llab, xodimlarning kompyuterlariga kirishga uringan, deb xabar beradi Spiegel.

Qayd etilishicha, KXDR hakerlari Germaniya mudofaa kompaniyasiga Amerika qurolsozlik zavodlarida jozibador vakansiyalar mavjudligi to‘g‘risidagi soxta e’lonlarni yuborgan.

Kimsuky guruhi hakerlari o‘z maqsadlariga erishish uchun josuslik dasturiy ta’minotiga ega zararli PDF-fayllarni tarqatgan. Hujum uchun mo‘ljallangan server Diehl Defence joylashgan mahalliy hudud nomiga o‘xshatib yashirilgan, buning ustiga hakerlar loginlarni ham nemis tilida kiritgan.

Mandiant eksperti Maykl Barngartning ta’kidlashicha, hakerlar hujumdan oldin «vaziyatni uzoq vaqt o‘rgangan».

Ma’lumotlarga ko‘ra, Diehl Defence kompaniyasi Janubiy Koreya o‘zining KF-21 qiruvchi samolyotlari uchun xarid qiladigan Iris-T boshqariluvchi raketalarini ham ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Axborot xavfsizligi bo‘yicha federal ofis hujum amalga oshirilganini tasdiqladi va boshqa kompaniyalar ham Kimsuky’ning nishoniga aylanganini ma’lum qildi.

Avvalroq Frankfurt-Mayn aeroporti yaqinida joylashgan Germaniya Parvozlar xavfsizligi agentligi (DFS) hakerlar hujumiga uchragan edi. Hujum oqibatida havo qatnovlari jadvaliga zarar yetmagan, kiberjinoyatchilar qaysi turdagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritgani ochiqlanmagandi.

Ko‘proq yangiliklar: