Saidov Lavrov bilan uchrashdi. Tomonlar bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston 11:05 / 27.09.2024 16532

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov AQShga tashrifi davomida 27 sentabr kuni Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda strategik sheriklikning dolzarb mavzulari, shuningdek, bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan suhbatlashilgan. Shuningdek, tomonlar davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligini qayd etgan.

«An’anaga ko‘ra, hamkorligimiz kun tartibi keng bo‘lib, barcha sohalarni qamrab oladi. O‘zaro ishonchni mustahkamlash yo‘lida davlatlar bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga amal qilish muhimligi ta’kidlandi. Biz ittifoqchilik ruhidagi doimiy muloqotimizni davom ettirishga kelishib oldik», — deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 25 sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bu holat 23 sentabr kuni Chilonzor tumanidagi 188-maktabdagi rus tili darsida ro‘y bergan. Bolaning ota-onasi mojaroga o‘quvchi dars o‘zbek tilida olib borilganiga e’tiroz bildirgani sabab bo‘lgani haqida aytgan.

Shundan so‘ng, Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova holat yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekistondan «rasmiy tushuntirish» so‘raganini aytdi. Milliy tiklanish partiyasi raisi Alisher Qodirov esa Rossiya tomoniga «muammolarga to‘la o‘z ishlari bilan shug‘ullanish»ni tavsiya qildi.

Ko‘proq yangiliklar: