Rossiyada bolali bo‘lgan maktab o‘quvchilariga OTMga kirishda qo‘shimcha ball berish taklif etildi

Jahon 01:07 / 27.09.2024 5929

Maktabning yuqori sinfida bola dunyoga keltirgan o‘quvchilar «individual yutuq» deb baholanishi va OTMga kirishda qo‘shimcha ballar bilan rag‘batlantirilishi lozim. Bu haqda Rossiya Federatsiya kengashining iqtisodiy siyosat bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kutepov ma’lum qildi. U mamlakat Fan va oliy ta’lim vazirligiga maktub yo‘llab, yosh onalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan shu kabi choralarni ko‘rib chiqishga chaqirgan.

Senatorning so‘zlariga ko‘ra, imtiyozlar OTMga hujjat topshirishdan bir yil oldin farzand ko‘rgan yosh onalarga taalluqli bo‘ladi. Ushbu toifaga 10-11-sinf o‘quvchilari kiradi. Hujjatda ularning otalari haqida hech narsa deyilmagan.

«Bolalarni individual yutuq deb hisoblash taklif etiladi va ularga imtihon natijalari uchun maksimal darajada qo‘shimcha ball qo‘shib berish kerak», — deyiladi maktubda. Kutepovning hisoblashicha, bu homiladorlikni to‘xtatishning oldini olishga va farzandli oilalar maqomini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning bir qismidir. U o‘z tashabbusini «mamlakatda tug‘ilish darajasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan izchil harakat», deb atagan.

Prezident Vladimir Putinning o‘n nafargacha farzand ko‘rish talabiga qaramay, Rossiyada demografik vaziyat yomonlashmoqda. 2023 yili mamlakatda 1,264 million bola tug‘ilgan — bu 1999 yildan beri qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkich. 2024 yilning dastlabki to‘rt oyida chaqaloqlar tug‘ilishi o‘tgan yilga nisbatan 3 foizga tushib ketgan. Iyun oyining o‘zida tug‘ilishlar soni 6 foizga kamaygan.

Hukumat bo‘lajak onalarni moliyaviy rag‘batlantirish orqali tug‘ilishlar darajasini ko‘tarishga urinmoqda. Bundan tashqari, ruslarni mamlakatning tashlandiq hududlariga ommaviy ko‘chirish, bir xonali kvartiralarni taqiqlash va ayollar uchun oliy ma’lumotni cheklash kabi turli «ekzotik» takliflar ilgari surilyapti.

Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskovning tan olishicha, tug‘ilish koeffitsiyenti juda past darajada bo‘lib, bu milliat kelajaki uchun halokatlidir. 

Ko‘proq yangiliklar: