Isroil G‘arbning Livanning «Hizbulloh» guruhi bilan mojaroda 21 kunlik sulh bo‘yicha taklifini rad etdi. Bosh vazir Binyamin Netanyahu 26 sentabr, payshanba kuni Isroil Mudofaa kuchlariga (TsAHAL) jangovar harakatlarni «to‘liq quvvatda va unga taqdim etilgan rejalarga muvofiq» davom ettirishni buyurdi», deyiladi X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotda. Qo‘shma Shtatlar, Fransiya va boshqa mamlakatlar taklifiga Netanyahu «hatto javob ham bermadi», deyiladi ma’lumotda.
Shu bilan birga, bayonotda ta’kidlanishicha, G‘azo sektoridagi janglar «urushning barcha maqsadlariga erishilgunga qadar davom etadi».
O‘z navbatida, Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats «Hizbulloh»ga qarshi jangovar harakatlar «g‘alabaga qadar» va Isroil shimoli aholisining xavfsiz qaytishiga qadar to‘xtamasligini ta’kidladi.
Isroil «Hizbulloh»ning 75 nishoniga hujum qildi
Isroil armiyasi kecha tunda Livanda «Hizbulloh»ning 75 ta nishoniga, jumladan, qurol-yarog‘ omborlari, o‘qqa tutishga tayyor raketa moslamalari, boshqa infratuzilma obektlari va guruh a’zolarining o‘ziga hujum qilganini ma’lum qildi. Livan Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Baalbek shahri yaqinidagi zarbada kamida 20 kishi halok bo‘lgan. NNA Livan davlat axborot agentligi xabar berishicha, 26 sentabrga o‘tar kechasi hujumlar so‘nggi kunlardagi «eng shiddatlisi» bo‘lgan.
Ayni paytda «Hizbulloh» Hayfa yaqinidagi Isroil mudofaa sanoati obektlarini nishonga olganini aytdi. Isroil ma’lumotlariga ko‘ra, Livandan 45 ta raketa uchirilgan, ularning bir qismi tutib olingan, qolganlari aholi yashamaydigan hududlarga tushgan.
Isroil Livanda quruqlikda operatsiya o‘tkazishini e’lon qildi
Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) Livanning «Hizbulloh» guruhiga qarshi quruqlikdagi operatsiyani tayyorlamoqda, dedi bosh shtab rahbari Gersi Halevi. 25 sentabr kuni 7-zirhli tank brigadasi askarlariga murojaat qilib, u «ularning etiklari dushman hududiga kirib boradi», dedi.
«Tepada samolyotlar eshitilyapti, biz kun bo‘yi hujum qildik, ham hududni bosqin ehtimoliga tayyorlash, ham «Hizbulloh»ga qarshi zarbalarimizni davom ettirish uchun», — deya Halevining mashg‘ulotlarda aytgan so‘zlarini keltirgan The Times of Israel.
Isroil bosh shtabi qo‘mondoni, shuningdek, Livandan Tel-Avivga ballistik raketa uchirilishiga «juda kuchli javob» va’da qildi, bu kun oxirigacha amalga oshiriladi.