22 sentabr kuni Volodimir Zelenskiy BMT Bosh assambleyasida chiqish qilish hamda prezident Jo Baydenga Rossiya bilan urushdagi o‘z «g‘alaba rejasi»ni taqdim etish uchun AQShga bordi. Ukraina prezidentining tashrifi allaqachon respublikachilarda norozilik uyg‘otdi, ular Zelenskiy Pensilvaniyadagi harbiy zavodga borgani yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni talab qilishmoqda, Kiyev tomonidan tayyorlangan reja esa, The Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, Bayden ma’muriyatida «yaxshi taassurot qoldirmagan».
WSJ suhbatdoshlari aytishicha, Zelenskiyning rejasida keng qamrovli strategiya yo‘q. Ular buni qurol taqdim etish va Rossiya hududi bo‘ylab uzoq masofali raketalar bilan zarba berishga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash haqidagi qayta ishlab chiqilgan so‘rovdan boshqa narsa emas deyishmoqda. Siyosiy islohotlar va iqtisodiy yordam bo‘yicha esa tafsilotlar kam. Nashrning yozishicha, Oq uydagilar Bayden ma’muriyati o‘z vakolati muddati tugashiga to‘rt oy vaqt qolgan sharoitda qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan qandaydir aniq narsani ko‘rishdan umid qilishgandi. Ammo, qator manbalarning so‘zlariga ko‘ra, rejaning faqat qurol bilan bog‘liq so‘rovlar nazarda tutilgan birinchi bosqichi eng yaxshi ishlab chiqilgan qismi bo‘lib ko‘rinadi, qolganlarida esa tafsilotlar ancha kam. «Men hayratga tushmadim, unda yangi narsa ko‘p emas», — degan amerikalik yuqori martabali mulozimlardan biri.
Rejaning batafsil mazmuni hozircha oshkor etilmagan. Ammo g‘arbdagi va Ukrainadagi nashrlarning ma’lumotlariga ko‘ra, u asosan to‘rtta bandni o‘z ichiga oladi. Ulardan biri Ukraina qurolli kuchlarining Kursk oblastidagi yurishini davom ettirish va Rossiyaga bosim o‘tkazishni nazarda tutadi. Qolgan uchtasi qurollar bo‘yicha so‘rovlar, Ukraina uchun NATOga a’zo davlatlar darajasidagi xavfsizlik kafolati berilishi hamda Ukraina iqtisodiyotini tiklash uchun xalqaro moliyaviy yordamga taalluqli.
O‘z «g‘alaba rejasi»ni taqdim etishdan tashqari, Zelenskiy AQShda yana bir necha tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgandi. Pensilvaniyadagi harbiy zavodga tashrif shunday tadbirlardan biri bo‘ldi, bu zavodda Ukraina armiyasi tomonidan foydalanilayotgan 155-millimetrli artilleriya snaryadlari ishlab chiqariladi. Zelenskiy zavodga 23 sentabr kuni bordi — va bu tashrif Respublikachilar partiyasi vakillarining keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.
25 sentabr kuni Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson Zelenskiyga murojaatini e’lon qildi, unda Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarovani zudlik bilan lavozimidan ozod etish talab qilingan.
O‘z murojaatida Jonson zavodga tashrifni tashkillashtirgan Markarovani bu turga birorta respublikachini taklif etmagani uchun ayblagan. U «ikkilanuvchi» shtatda (u yoki bu partiya vakillariga ovoz berish an’analari mavjud bo‘lmagan shtatlardan biri) joylashgan zavodga tashrifni «demokratlarga yordam berishga qaratilgan saylovoldi tadbiri» hamda «saylovlarga ochiqchasiga aralashuv» deb atagan. Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, bu «uzoqni ko‘rmasdan va qasddan tashlangan siyosiy qadam» respublikachilar Markarova diplomatik funksiyalarini «adolatli va samarali» bajarishiga «ishonchni yo‘qotishi»ga olib kelgan.
Bundan tashqari, Respublikachilar partiyasining bir necha vakillari Adliya vazirligi va Pentagonning bosh inspektorlarini Zelenskiyning Pensilvaniyadagi zavodga tashrifini amerikalik soliq to‘lovchilarning mablag‘laridan noto‘g‘ri foydalanish ehtimoli yuzasidan tekshirishga chaqirgan. Respublikachilar Zelenskiy Pensilvaniyaga tashrif buyurish uchun AQSh harbiy-havo kuchlari samolyotidan foydalangani, «demokratlarning saylovoldi kampaniyasi uslubidagi» tashrifning o‘zi nomaqbul va noqonuniy bo‘lganiga urg‘u berishgan.
Zelenskiyning ofisi xabar berishicha, AQShga tashrif chog‘ida u prezidentlikka Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lgan Donald Tramp bilan ham uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan. Tramp Zelenskiy AQShga kelishidan oldin jurnalistlarning bunday uchrashuv ehtimoli borasidagi savoliga javoban shunday degandi: «Katta ehtimol bilan, ha». Ammo hozirga qadar uchrashuv tashkillashtirilmadi, 25 sentabr kuni esa Tramp shtabi Associated Press jurnalistiga bunday uchrashuv rejalashtirilmaganini aytdi. Trampning o‘zi esa 26 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Zelenskiy bilan Nyu Yorkdagi Trump Tower osmono‘par binosida uchrashishini aytdi.
Undan oldinroq esa Tramp yana bir bor Zelenskiyni har safar AQShga kelganida «100 milliard dollar olib ketadigan» «buyuk savdogar» deb atagan; 25 sentabr kuni Shimoliy Karolinada o‘tkazilgan mitingda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvdan bosh tortgani uchun Zelenskiyni keskin tanqid qilgandi. Bayden ma’muriyatining urush bo‘yicha qaroriga munosabat bildirarkan, Tramp «Ukraina endi yo‘qligi»ni aytgan. «Ular [Bayden va Harris] hozir tushib qolgan vaziyatida nima qilishni shunchaki bilmaydi. Chunki Ukraina endi yo‘q. Bu endi Ukraina emas. Bu shahar va qishloqlarni endi topib bo‘lmaydi, halok bo‘lganlarning o‘rnini hech qachon to‘ldirib bo‘lmaydi. Har qanday bitim, hatto eng yomoni ham hozirda bizda mavjudidan yaxshiroq bo‘ladi», — degan Tramp.
Zelenskiyning o‘zi The New Yorker jurnaliga bergan va 22 sentabr kuni e’lon qilingan katta intervyusida «o‘zi shunday deb o‘ylayotgan bo‘lsa ham, aslida urushni qanday to‘xtatishni bilmaydigan» Trampni ham, uning vitse-prezidentlikka nomzodi Jyey Di Vensni ham tanqid qilgan, ularning ikkinchisini «haddan tashqari radikal» deb atagandi.
Zelenskiy 26 sentabr kuni Bayden va Harris bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bir kun oldin AQSh Ukrainaga 7,9 milliard dollar miqdoridagi yangi yordam paketini e’lon qilgandi, shuningdek, F-16 qiruvchilari uchun uchuvchilarni tayyorlash dasturi kengaytirilgan, Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy etilgan. Zelenskiy Baydenga, kongressga va ikkala partiyaga minnatdorchilik bildirib, Ukraina va AQSh «yaqin ittifoqchilar» bo‘lib qolishini bildirgan. «Biz doimo AQShning ikki partiyasi va amerikaliklarning Ukrainaning Rossiya tajovuzi ustidan g‘alaba qozonishi yo‘lidagi kuchli qo‘llovini yuqori baholaganmiz», — deya yozgan u.