Janubiy Koreyada itlarni go‘shti uchun boqishdan bosh tortgan fermerlarga pul to‘lanadi

Jahon 14:23 / 27.09.2024 3463

Janubiy Koreyada itlarni go‘shti uchun boqishdan voz kechgan fermerlarga 100 milliard von (taxminan 75 million AQSh dollari) miqdorida tovon puli beriladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq hududlarini rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Pak Bom Su ma’lum qildi.

Uning aytishicha, hukumat fermalarda qolgan itlarni evtanaziya qilish imkoniyatini istisno qilgan. Rejaga ko‘ra, fermerlar topshirgan itlari uchun 225 ming vondan (170 dollar) 600 ming vongacha (450 dollar) miqdorida kompensatsiya olishi mumkin. Jonivorlar maxsus boshpanalarga o‘tkaziladi yoki ular uchun yangi ega topishga harakat qilinadi.

Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreyada 1,5 mingga yaqin it fermasi va 200 dan ortiq kushxona faoliyat yuritadi, 2,3 mingga yaqin restoran it go‘shtidan taomlar taklif qiladi. 2024 yil yanvar oyida mamlakat parlamenti itlarni go‘shti uchun ko‘paytirish va so‘yishni taqiqlovchi qonunni tasdiqlagandi.

To‘liq taqiq 2027 yildan amal qila boshlaydi, shundan so‘ng qoidabuzarlar uch yilgacha qamoq jazosi yoki 30 million von(22,8 ming dollar)gacha jarima bilan jazolanadi. Bunda it go‘shtini iste’mol qilishning o‘zi qonun bilan cheklanmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: