Germaniya byurokratiyaga qarshi kurash bo‘yicha to‘rtinchi chora-tadbirlar paketini qabul qildi

Jahon 08:15 / 27.09.2024 944

Germaniya Bundestagi byurokratik xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘plamini ma’qulladi, bu orqali har yili 944 million yevrogacha tejalishi kerak. 26 sentabr, payshanba kuni hukmron koalitsiya fraksiyalari, shuningdek, eng yirik muxolif kuch – Xristian-demokratik ittifoq (XDI) va Xristian-sotsial ittifoq (XSI)ning konservativ bloki qonun loyihasi uchun ovoz berdi.

O‘ng qanot populistik «Germaniya uchun muqobil» partiyasi deputatlari betaraf qoldi. So‘l partiya va Sara Vagenknext ittifoqi qarshi ovoz berdi. Bu byurokratiyani kamaytirishga qaratilgan to‘rtinchi qonun.

Soliq, korporativ va mehnat qonunchiligidagi o‘zgarishlar

Yangi qonun, jumladan, kompaniyalar uchun buxgalteriya hujjatlarini saqlash muddatini 10 yildan 8 yilgacha qisqartirishni, Germaniya fuqarolari uchun mehmonxona ro‘yxatidan o‘tish talabini bekor qilishni va soliq maslahatchilari uchun yengillikni nazarda tutadi. Endi ular soliq xabarnomalarini oluvchining oldindan roziligisiz raqamli shaklda taqdim etishlari mumkin bo‘ladi. Qonunda aytilishicha, bu choraning o‘zi 116 million xat yubormaslik imkonini beradi.

Yengilliklar korporativ huquqqa ham ta’sir qiladi: kelajakda aksiyadorlar yig‘ilishlarining ba’zi qarorlari kompaniya veb-saytida e’lon qilinishi yetarli bo‘ladi. Xodimlarni boshqarish va ishga qabul qilish sohasida mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgartirishlar haqidagi ma’lumotlarni qog‘oz ko‘rinishida emas, balki elektron pochta orqali yuborishga ruxsat beriladi.

Germaniya Adliya vaziri Marko Bushman qonun loyihasini «qog‘ozbozlikka qarshi kurash»dagi burilish nuqtasi deb atadi. Shuningdek, u har yili byurokratiyani qisqartirish bo‘yicha yangi choralar ko‘rilishini aytdi. Boshqa chora-tadbirlar bilan birgalikda, nemis kompaniyalari endi deyarli 3,5 milliard yevro yillik xarajatlardan ozod qilinishi kutilmoqda. Qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun Bundesratga kiritildi.

Ko‘proq yangiliklar: