Finlandiya Mudofaa vazirligi NATOning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligini Rossiya bilan chegaradan 140 kilometr uzoqlikdagi Mikkeli shahriga joylashtirishga ruxsat berdi. Bu haqda harbiy idoraning rasmiy saytida so‘z boradi.
Mamlakat Mudofaa vazirligi rahbari Antti Xakkyanenning ta’kidlashicha, Mikkelida hozirda Finlandiya quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondonligi mavjud va uni Shimoliy Atlandiya alyansi bazasi bilan birlashtirish orqali mamlakat «milliy mudofaa hamda NATOning mudofaa imkoniyatlarini o‘zida jamlagan eng yaxshi yechimga» ega bo‘ladi.
Odatdagi holatda baza NATOning o‘quvlariga va «hududdagi boshqa tinchlik harakatlariga» javob beradi. Inqiroz vaqtida esa shtab Shimoliy Atlantika alyansi quruqlikdagi qo‘shinlari operatsiyalari rahbarligi ostida faoliyat yuritadi. Qo‘mondonlik tarkibidan ham ittifoq, ham fin mudofaa kuchlari o‘rin oladi.
Shtabni yaratishga tayyorgarlik o‘tgan yilning bahoridan beri davom etmoqda. Xususan, Mikkeliga NATOning Norfolk shtabi qo‘mondoni o‘rinbosari, Britaniya kontr-admirali Tim Genri tashrif buyurgandi. «Biz ruslarga to‘g‘ridan to‘g‘ri xabar yuborishni istaymiz — va buni omma oldida qilmoqchimiz. Ittifoq o‘z pozitsiyasida juda aniq: Rossiya yevroatlantika mintaqasiga tahdid solmoqda», — degan Genri bu tashrifi chog‘ida.
Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi fonida Finlandiya 2023 yilda NATOga qo‘shildi va shu bilan 75 yillik betaraflik davrini tugatdi. Natijada alyansning Rossiya bilan umumiy chegarasi ikki barobarga ortib, 2600 kilometrga yetdi.