Falastin prezidenti Mahmud Abbos 26 sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasida dunyo yetakchilariga murojaat qilib, Falastin xalqi o‘z vatanini, ajdodlari zaminini tashlab ketmasligini ta’kidladi. U Isroilni G‘azo sektoridagi urushini qoralab, xalqaro hamjamiyatni «genotsid»ni to‘xtatishga chaqirdi, shuningdek, urushdan keyingi anklav holati bo‘yicha o‘z rejasini taqdim etdi.
Mahmud Abbos nutqini «Biz ketmaymiz» iborasini uch marta takrorlash bilan boshladi. U Isroilni G‘azoni vayron qilib, yashash uchun yaroqsiz qilib qo‘yganlikda aybladi.
«Falastin — vatanimiz, ota-bobolarimiz zamini. U bizniki bo‘lib qoladi, agar kimdir ketishi kerak bo‘lsa, bu o‘zboshimcha bosqinchilar bo‘ladi», dedi Abbos.
Falastin rahbari Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning armiyasi G‘azoda tinch aholini o‘ldirmayapti, degan da’vosini rad etdi.
«Sizdan so‘rayman, u holda 15 mingdan ortiq bolani kim o‘ldirgan?», dedi Abbos.
U G‘azo sektoridagi urush va genotsidni to‘xtatishga, Isroilga qurol yuborishni to‘xtatishga chaqirdi.
«Xalqimiz bilan sodir bo‘layotgan voqealar uchun butun dunyo javobgar», deb ta’kidladi Falastin prezidenti.
Mahmud Abbos o‘z nutqida isroillik ko‘chmanchilar zo‘ravonligi va turar-joy kengayishiga to‘xtalib, G‘arbiy Sohilning Isroil tajovuziga muntazam duchor bo‘layotganini qayd etdi.
«Shafqatsiz ko‘chmanchilik faoliyati kuzatilyapti. Ular butun Falastin bo‘ylab uy qurmoqda, go‘yo Falastin ularnikidek», dedi u.
U Isroilni Ma’bad tog‘idagi status-kvoni buzganlikda ayblab, «Isroil terrorchi vaziri» Al-Aqso masjidida ibodatxona qurishga chaqirganini da’vo qildi. Aftidan u o‘ta o‘ng qarashlari bilan tanilgan Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvirni nazarda tutdi.
Mahmud Abbos baland minbardan turib, Bayden ma’muriyatini G‘azo sektoridagi urushda Isroilni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun ham tanqid qildi. Uning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Falastin davlatining BMT to‘liq a’zosi bo‘lishiga qarshi ovoz bergan Xavfsizlik Kengashining yagona a’zosidir.
Falastin rahbari turli rezolyutsiyalarni buzgani uchun Isroilni BMT a’zoligidan chiqarib yuborishni talab qilishini aytdi.
Prezident Mahmud Abbos fursatdan foydalanib, Falastin da’vosini qo‘llab-quvvatlab namoyishga chiqqan butun dunyo xalqiga minnatdorlik bildirdi. U global jamoatchilik fikrining Falastin da’vosi foydasiga o‘zgarganini ta’kidladi va o‘z yordamini taklif qilayotganlarga, jumladan, Falastin davlatini tan olgan davlatlarga minnatdorlik bildirdi.
Abbos o‘z nutqi davomida G‘azo sektorini urushdan keyingi boshqaruv bo‘yicha o‘zining 12 banddan iborat qarashlarini bayon qilib, xalqaro hamjamiyatdan fikr va mulohazalar so‘radi.
Rejaning birinchi bandi G‘azo sektorida doimiy o‘t ochishni to‘xtatish va isroillik ko‘chmanchilarning G‘arbiy Sohilda falastinliklarga qarshi hujumlarini to‘xtatishni nazarda tutadi.
Ikkinchi nuqta, insonparvarlik yordami G‘azo bo‘ylab ommaviy ravishda yetkazilishini talab qiladi.
Uchinchidan, Isroil hech qanday bufer zonalar yaratmagan holda G‘azo sektoridan o‘z qo‘shinlarini butunlay olib chiqib ketishi va ko‘chirilgan falastinliklarning o‘z uylariga, hech bo‘lmaganda urushdan oldin yashagan vayron bo‘lgan shaharlariga qaytishiga imkon berishi kerak. Abbos falastinliklarni Misr va Iordaniyaga evakuatsiya qilish rejalarini qat’iyan rad etdi.
To‘rtinchidan, BMT Falastinlik qochqinlar bo‘yicha agentligi UNRWA himoya qilinishi va faoliyati davom ettirilishiga ruxsat berilishi kerakligini ta’kidladi.
Beshinchi bandda Abbos bosib olingan yerlarida falastinliklarni xalqaro himoya qilishga chaqirdi. «Biz Isroil bilan urushmayapmiz. Biz Isroilga qarshi kurasha olmaymiz va jang qilmoqchi emasmiz, lekin himoyaga muhtojmiz».
Oltinchidan, Falastin hukumati butun G‘azo sektori, jumladan, Rafah chegara punkti va boshqa o‘tish punktlari ustidan yurisdiksiyaga ega bo‘lishi kerak.
Yettinchidan, Falastin ma’muriyati «keng qamrovli milliy islohotlar jarayonida» ishtirok etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettiradi. Abbosning aytishicha, Ramallahning bu boradagi faoliyati dunyo mamlakatlari tomonidan yuqori baholangan va bu G‘azoning urush paytida vayron bo‘lgan infratuzilmasini qayta tiklash uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.
Sakkizinchi bandda Falastin hukumati G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusdagi falastinliklar uchun yagona vakillik organi bo‘lishini va barcha bu hududlarda hokimiyatga ega bo‘lishini nazarda tutadi.
«Biz ko‘p narsa so‘ramaymiz, lekin kamrog‘ini ham qabul qilmaymiz», dedi Abbos va agar Isroil Sharqiy Quddusda ovoz berish uchun ruxsat bersa, milliy saylovlarni o‘tkazishga tayyorligini qo‘shimcha qildi.
To‘qqizinchidan, falastinliklar BMT to‘laqonli a’zosi maqomini olish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini davom ettiradi va Abbos xalqaro hamjamiyatni bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga chaqiradi.
O‘ninchidan, ikki davlat tuzish haqidagi qarorni amalga oshirish uchun Isroilga G‘arbiy Sohil, G‘azo sektori va Sharqiy Quddusdan bir yil ichida chiqib ketishni buyurgan BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi to‘liq amalga oshirilishi kerak.
O‘n birinchi bandda ikki davlat qarashlarini amalga oshirish uchun bir yil ichida xalqaro tinchlik konferensiyasi o‘tkazish taklif etildi.
O‘n ikkinchi - ikkala yangi davlat aholisini himoya qilish uchun xalqaro tinchlikparvar kuchlarni yaratish.
Yakunda prezident Mahmud Abbos Isroilni o‘zini G‘azo sektoriga borishiga ruxsat berishga majburlovchi rezolyutsiyani qabul qilishga chaqirdi.
Abbos o‘tgan oy Turkiya parlamentida qilgan chiqishida urushdan vayron bo‘lgan Falastin anklaviga borish niyatini ma’lum qilgan edi. Shu vaqtdan beri Isroil rasmiylari unga anklavga kirishni taqiqlayotganini da’vo qildi.
«Falastin ozod bo‘ladi. Bunga e’tiroz bildirganlarga qaramay, baribir ozod bo‘ladi», deb yakunladi Abbos BMT Bosh Assambleyasidagi nutqini.