Ispaniya La Ligasi dastlabki 7 ta turida 100 foizlik natija qayd etgan va 21 ochko jamg‘argan (to‘plar nisbati 23:5) «ko‘k-anorranglilar» bu mavsumda barcha sovrinlar uchun kurashda asosiy favorit ekanligini isbotlagandek tuyulayotgandi. Biroq endi barchasi o‘zgardi: jamoa asosiy sardori va darvozabonini yo‘qotdi. Xo‘sh, buning jamoa natijalariga ta’siri qanday bo‘ladi?
«Vilyarreal»ga qarshi uchrashuvni (5:1) zambilda tark etgan Mark-Andre ter Stegenga bir kun o‘tib tizza paylarining yorilishi tashxisi qo‘yildi va germaniyalik posbon operatsiya stoliga yotadigan bo‘ldi. Bu kabi jarohatlardan tiklanish taxminan 8-10 oygacha vaqt oladi. Demak, 32 yoshli futbolchi uchun mavsum allaqachon yakunlandi. Bu esa Hans Flik qurayotgan yangi «Barselona» uchun katta zarba. Klub fizioterapiya bo‘limi rahbari Luis Puchning The Athletic’ga bergan intervyusi orqali ushbu jarohat naqadar murakkab ekanini bilish mumkin.
«Pay to‘qimasi yorilib ketgan taqdirda, uni qaytadan tiklab chiqish talab etiladi. Dastlabki ikki oy davomida harakatlanish imkoniyati tiklanib borar ekan, bu jarayonda o‘ta ehtiyot bo‘lish talab etiladi. Muolaja qilinayotgan joyga katta kuchlanish kelmasligi lozim. Jarayon rivojlangani sari harakatchanlikni unga mos ravishda oshirib borish mumkin bo‘ladi. Bu juda sekin kechadigan tiklanish jarayoni bo‘lib, o‘ta mashaqqatli va og‘riqli kechishi aniq. Ustiga-ustak, gap darvozabon haqida ketmoqda va uning faoliyati sakrash hamda to‘pga otilishdan iborat. Ikkilanmasdan muolajani 8-10 oy davom etishini taxmin qilsak bo‘ladi».
Ter Stegenning tizzasi bilan muammolari 2020 yildan beri bor va klub rahbariyati bundan doim xabardor bo‘lgan. Xo‘sh, unda nega unga o‘rinbosar olib kelinmagan? Chunki ular o‘z tarbiyalanuvchilari Inyaki Penyaga ishonch bildirgan. Hozirda 25 yosh bo‘lgan darvozabon 13 yoshligidan beri klub tizimida shug‘ullanib keladi. 2022 yil yanvarida «Galatasaroy» uni 6 oylik ijaraga taklif etdi va bu kelishuv ancha muvaffaqiyatli kechdi. Ayniqsa, «Barselona»ning o‘ziga qarshi Yevropa Ligasida kechgan bellashuvlarda ispaniyalik darvozabon o‘zini yaxshi ko‘rsata oldi va kelgusi mavsumdan jamoaning ikkinchi darvozaboni sifatida olib qolindi. Unga bo‘lgan ishonch yuqoriligini yosh darvozabon Arnau Tenasning «PSJ»ga tekinga o‘tib ketishiga yo‘l qo‘yib berilganida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi.
Biroq «Barselona» muxlislarining Penya borasidagi o‘tgan mavsumdagi taassurotlari u qadar yaxshi emas. Mavsum o‘rtasida ter Stegen belidan jarohat olgan va operatsiya sabab 3 oy maydonga tusha olmagandi. Uning o‘rnida 17 ta bahsda qatnashgan Inyaki jami 32 bor to‘p o‘tkazib yuborgan va 3 tagina uchrashuvda darvozasi daxlsizligini saqlay olgandi. Albatta, o‘tgan mavsum Xavi jamoasida kuzatilgan umumiy inqiroz davriga birgina Penyani aybdor qilib qo‘yish nohaqlik bo‘ladi, biroq aynan uning xatosi evaziga katalonlar darvozasidan o‘rin olgan to‘plar ham yo‘q emas. Yosh darvozabonlar Diego Kochen va Ander Astralaga doimiy ravishda jamoa mashg‘ulotlariga jalb qilib kelinayotgan bo‘lsa-da, ularga hozircha hech bir rasmiy o‘yinda darvozani qo‘riqlash nasib etmadi.
7-turda «Xetafe»ga qarshi o‘yinda aynan Inyaki darvozani qo‘riqladi va gol o‘tkazmadi (1:0).
Darvoza pozitsiyasidagi muammoni hal qilishning yana bir yo‘li erkin agent bo‘lib turgan posbonlarning biri bilan shartnoma imzolashdir. Ammo «ko‘k-anorranglilar»ning moliyaviy feyr-pley bilan bog‘liq qiyinchiliklarini hisobga olgan holda bu variantning haqiqatga u qadar yaqin emasligiga amin bo‘lamiz.
Tarkibdagi muammolar darvoza chizig‘isiz ham ancha jiddiy tus olgan. Jamoa hozirda birgina haqiqiy tayanch yarimhimoyachisi Mark Kasado bilan qolgan va bu mavsumda asosiy jamoada ro‘yxatdan o‘tkazilgan 20 yoshli futbolchiga asli himoyachi bo‘lgan Erik Garsiya yordam berib kelmoqda. Ammo bu hamkorlikni muvaffaqiyatli yechim deyish qiyin. YeChL 1-turida «Monako»ga (1:2) qarshi bellashuvda aynan Garsiya o‘ziga uzatilgan to‘pni egallashga ulgurmadi va Minaminoga nisbatan fol ishlatishga majbur bo‘ldi, natijada «Barsa» 10-daqiqadayoq bir kishi kam bo‘lib qoldi. Albatta, bu vaziyatda ter Stegen ham sherigi atrofida bo‘layotgan bosimni to‘g‘ri baholay olmagandi. Matbuotda germaniyalik posbon ikki yon tarafidagi bo‘sh futbolchilar turib, Erikka to‘pni uzatgani keskin tanqid qilindi. Lekin Flik jamoasini mavsum avvalidan kuzatib kelayotgan muxlislar aynan markazdagi futbolchiga pas berilishi va o‘sha o‘yinchi qanotga uzatma berishi orqali raqib pressingining ilk chizig‘ini yorib o‘tishini yaxshi bilishadi. Erik Garsiya esa bu vaziyatda hushyorlikni qo‘ldan boy berdi hamda o‘z xatosi evaziga jazolanib, jamoasini og‘ir ahvolga solib qo‘ydi.
Shuningdek, himoya markazida ham ahvol og‘ir. Hozirda asosiy jamoa futbolchilaridan Pau Kubarsi va Inigo Martines tandemda doimiy ravishda markaziy himoyada harakatlanmoqda. Erik Garsiya yarimhimoyaga yordam bermoqda, Jyul Kunde o‘ng qanotda o‘ynamoqda, Andreas Kristensen va Ronald Arauho jarohat olib safdan chiqqan. «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda akademiya tarbiyalanuvchisi Serxi Dominges ilk bor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. «Xetafe»ga qarshi o‘yin qaydnomasidan esa 21 yoshgacha bo‘lgan 14 futbolchi o‘rin oldi.
O‘z navbatida, La Ligadagi muvaffaqiyatli start shunchaki omad mahsuli emasligini kataloniyaliklar isbotlab ulgurishdi. Ularning g‘alabalarini oson raqiblar ustidan erishilganini da’vo qilayotganlar bor, biroq «Atletik» o‘tgan mavsum «Barsa»ni Qirol kubogidan chiqarib yuborgan jamoa edi, «Jirona» ikki davrada ham qo‘shnilarini 4:2 hisobida yengishga erishgandi, «Vilyarreal»ning «Monjuik»dagi 5:3 hisobidagi g‘alabasidan keyin esa Xavi mavsum yakunida iste’foga chiqishini e’lon qilib yuborgandi. Albatta, ularning yo‘lidan rosmana elita jamoalari chiqmadi va oktyabr oyi yakunida qatorasiga ikki azaliy raqiblarga qarshi bellashuvlar kutib turibdi: «Bavariya» va «Real». Uch kun oralig‘ida «Barsa» ikkala jamoa bilan to‘qnash keladi, lekin ungacha hali bir oy vaqt bor.
Hozirgi kunda Ansu Fati normal holatda mashg‘ulot o‘tamoqda. Frenki de Yong ham jamoa bilan umumiy mashg‘ulotlarda qatnashmoqda va uning qaytishi FIFA kunlaridan so‘ng ro‘y berishi taxmin qilinmoqda. Oktyabr oxirlarigacha Gavi ham 1 yilga cho‘zilgan tiklanish ishlarini yakunlab yana maydonga qaytishi mumkin bo‘ladi, u ham mashg‘ulotlarda muntazam ishlamoqda. Yaqindagina jarohat olib, safdan chiqqan Fermin Lopes va Dani Olmo ham katta o‘yinlargacha Hans Flik ixtiyoriga qaytishi kutilyapti. Biroq ularning o‘z vaqtida qaytishi va hozirgi tarkib futbolchilarining o‘sha vaqtgacha sog‘ holatda yetib borishi kafolatlanmagan.
«Barselona» muxlislariga umid baxsh etayotgan jihat esa Flikning tarkibdagi bor futbolchilar bilan yaxshi o‘yin qura olish mahoratidir. Dani Olmo jarohat olib, Pedri orqaroqda Kasadoga yordam berayotganidan kelib chiqib, jamoaga kreativlikni kim bera olishi haqida savollar bo‘layotgandi. Germaniyalik murabbiy o‘tgan mavsum Xavi jamoasida joy topilmay «Jirona»ga ijaraga ketgan va u yerda ham asosiy tarkibga kira olmagan Pablo Torreni o‘z uslubiga moslashtirdi. 21 yoshli yarimhimoyachi esa La Ligada «Barsa»dan keyingi eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lib turgan «Vilyarreal»ga qarshi 66 daqiqa o‘ynab, bittadan gol va assistga mualliflik qildi.
Darvozabon masalasidagi savol bilan boshlagandik. Xo‘sh, ter Stegenning maydonda emasligi jamoaga ta’sir qiladimi? Ha, biroq u qadar katta farq bo‘lmaydi. Boisi, germaniyalik posbon bilan ham «Barsa» himoyasi ideal emasdi va Flik himoyadagi xatolarni, asosan, ko‘proq gollar urish orqali yopib kelmoqda. Va nihoyat, bu klub tarbiyalanuvchisi hisoblangan Inyaki Penyaga o‘zini ko‘rsatib olish uchun rosmana katta imkoniyat va ushbu mavsumda o‘zini qanday tutishi uning faoliyatida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. 25 yoshli posbon o‘tgan mavsumda Kurtuaning yo‘qligida katta sahnaga chiqqan Andrey Lunindan o‘rnak olsa, ne ajab.
The Athletic ma’lumotlari asosida Abdulbasit Valixonov tayyorladi