Armaniston Ozarboyjon bilan tinchlik bitimini imzolash uchun Konstitutsiyani o‘zgartirishga tayyor. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan BMT Bosh Assambleyasi yig‘ilishida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agarda Armaniston va Ozarboyjon tinchlik bitimini imzolasa, ushbu hujjat Armaniston Konstitutsiyaviy sudiga uning mamlakat asosiy qonuniga mos kelish-kelmasligini o‘rganish uchun yuboriladi.
«Agar bizning Konstitutsiyaviy sudimiz (KS) hujjatni Armaniston Konstitutsiyasiga zid deb topsa, bu holatda biz tinchlikni o‘rnatish uchun konstitutsiyaviy o‘zgarishlarni talab etadigan aniq bir vaziyat qarshisida qolamiz. Agar KS bitim Konstitutsiyaga mos keladi desa, hujjatni ratifikatsiya qilishga hech qanaqa to‘sqinlik bo‘lmaydi», — deydi Pashinyan.
Avvalroq Nikol Pashinyan Armaniston noyabr oyida Bokuda o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiyada tinchlik bitimini imzolashga tayyor ekanini ma’lum qilgandi.
Ozarboyjon tinchlik bitimi doirasida Armaniston o‘z Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritishini talab qilmoqda. Unda Armaniston Oliy kengashi 1990 yil 23 avgustda qabul qilgan mamlakat mustaqilligi deklaratsiyasiga havola bor. Ushbu deklaratsiya boshida o‘z navbatida, Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning 1989 yildagi «Birlashuv to‘g‘risida»gi qo‘shma rezolyutsiyasiga havola keltirilgan.
«Ularning Konstitutsiyasidagi bunday band bilan imkoni yo‘q, chunki Konstitutsiya har qanday boshqa hujjatdan, jumladan, xalqaro bitimlardan ham ustun. Shuning uchun ular yana qachondir fikridan qaytadigan va biz sentabrdagi ishlarimizni takrorlaydigan vaziyatga tushib qolishimizni istamayman», — degan edi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev.