Senatdagi qo‘mita raisi bir vaqtning o‘zida boshqa joyda ham ishlashiga izoh berildi

O‘zbekiston 16:49 / 26.09.2024 7682

2020 yilning avgust oyidan beri Oliy Majlis Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi lavozimida Iminov Odiljon Karimovich ishlab kelyapti. Senator bungacha Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari bo‘lgan.

2024 yilning 25 sentabr holatiga ko‘ra, Ukrainaning Yalta shahrida joylashgan “O‘zbekiston” sanatoriyasi faoliyatini qayta tiklash va moddiy qo‘llab-quvvatlash jamoat fondiga ham Iminov Odiljon Karimovich rahbar hisoblanadi.

Tegishli qonunga ko‘ra, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator haq to‘lanadigan tegishli turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risida ogohlantirish olganidan keyin haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat (ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari) bilan shug‘ullangan taqdirda uning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilishi kerak.

Senat matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, “O‘zbekiston” Respublika sanatoriylari (Ukraina, Yalta shahri – Rossiya, Kislovodsk shahri) faoliyatini qayta tiklash va modernizatsiyalash jamoat fondi 2008 yilda tashkil etilgan (2010 yilda qayta tashkil etilgan) hamda Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan. 2008–2018 yillar davomida Iminov Odiljon Karimovich ushbu Jamoat fondiga rahbarlik qilgan.

“Markaziy saylov komissiyasining 2018 yil 27 martdagi 868-sonli qarori bilan O.Iminov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi etib ro‘yxatga olingan. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2018 yil 28 martdagi KQ-318–III-sonli qaroriga asosan O.Iminov Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari etib saylangan.

Shunga asosan Jamoat fondi rahbarining 2018 yil 30 martdagi 5-sonli buyrug‘iga asosan O.Iminov 2018 yil 2 apreldan boshlab Senat a’zoligi davrida jamoatchilik asosida (maoshsiz) ishlashga o‘tkazilgan. Uning vazifalari esa direktor o‘rinbosari zimmasiga yuklatilgan.

Ushbu buyruqqa asosan O.Iminov bugungi kunga qadar jamoat fondida jamoatchilik asosida faoliyat yuritib kelmoqda”, deyiladi rasmiy izohda.

Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 6 ta vazirlikning jami 514 nafar boshqaruv xodimi 556 ta kompaniyada ta’sischi ekani aniqlab, qonunbuzilishi holatlariga chek qo‘yilganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, agentlik davlatga qarashli uchta bankdagi 148 nafar xodim 155 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik qilayotganini aniqlagan.

Ko‘proq yangiliklar: