"Kazinform" xalqaro axborot agentligi tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Qozog‘iston suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev bilan uchrashdi. Tomonlar ikki tomonlama va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Qayd etilishicha, vazirlar o‘lchash stansiyalarini avtomatlashtirish va Sirdaryodagi suv hisobini raqamlashtirish masalalari xususida fikr almashdilar. Bugungi kunda Qozog‘iston va O‘zbekiston 10 ta punkt bo‘yicha kelishib olgan, ularda zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Tomonlar, shuningdek, Norin-Sirdaryo kaskadi suv omborlarining kelasi yilgi sug‘orishdan oldingi mavsumi uchun ishlash rejimlarini ham ko‘rib chiqdilar.
Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida suv omborlarini ishga tushirish bo‘yicha prognoz jadvali tuziladi va suv ta’minoti hajmlari tasdiqlanadi.
Bundan tashqari, tomonlar suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Mintaqaviy strategiyani ishlab chiqish muhimligini qayd etgan.