“Kompensatsiya berishsin” - Boysunliklar ikkinchi avariyadan keyin qanday yashayapti?

O‘zbekiston 17:16 / 26.09.2024 25441

Kun.uz muxbiri Kofrun qishlog‘ida, aholi evakuatsiya qilingan joyda va kasalxonada bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Boysunda maktabdan qaytayotgan bolalarning gazdan zaharlanib yiqilib qolgani holatlari kuzatilgan. Biz suhbatlashgan aksar aholining fikricha, konni burg‘ilayotgan pudratchi kompaniya yetkazilgan zararlar uchun kompensatsiya to‘lashi kerak.

17 sentabr kuni Boysun tumanidagi gaz konida sodir bo‘lgan takroriy avariya natijasida 4 kishi halok bo‘lib, 11 kishi jabrlandi. Quduqdan oltingugurt gazi sizib chiqishi davom etib, hamon aholi salomatligiga xavf solmoqda.

Kon Boysun shahridan 20 kilometr janubi-sharqda, tog‘oldi-adir relefida joylashgan.

Avariya yuz bergan quduqqa eng yaqin aholi yashash punkti bu – Kofrun qishlog‘i. Qishloq ayni paytda deyarli huvillab qolgan. Aholi evakuatsiya qilingandan so‘ng oilalardan biror kishi qishloqqa kelib, uy hayvonlarining suvi va yem-xashagini berib ketmoqda.

“Boshimiz og‘riyapti, ko‘nglimiz ayniydi. Bolalarimni Rabotga tashlab, uydagi mol-hollarga suv, yem berish uchun uyga kelib-ketyapman. Odamlarning uyidan qo‘ylari, mollari o‘g‘rilangani haqida ham gaplar chiqdi”, deydi kofrunlik ayol.

Qishloqdan ko‘chib ketmaganlar ham bor. Ular uylaridan chiqib ketsa, sarson bo‘lishini aytadi.

“Men ham shu sohada ishlaganman. Oltingugurt zararli gaz hisoblanadi, qiynalib yotibmiz. Nabiralarim shaharda, qizimnikiga ketishgan. Men, bir nevaram va kampirim uydamiz. Kompensatsiya degan narsa berish kerak, soliqdan ozod qilish kerak... Turishi ziyon-da bu gazning. Bu yerdan chiqib, kollejga boringlar deydi. U yerga borgan bilan sharoit yo‘q, ichkarida suv yo‘q deyishyapti.

Odamlarning qon bosimi ko‘tarilib, tomoq og‘rig‘i, ko‘z og‘rig‘i, har xil qiyinchiliklarga duch kelyapti. Kimning qayerida og‘aynisi bo‘lsa, o‘sha yerga borib turibdi. Qarindoshi yo‘qlar kollejda yotibdi. Bugun qishloqda qolganlarga Eriell kompaniyasidan oziq-ovqat: yog‘-moy, go‘sht, mayda-chuyda tashqatib ketishdi”, deydi kofrunlik bir pensioner erkak.

Boysunda qish sovuq keladi. Hozir qishloqning evakuatsiya qilingan aksariyat aholisi Boysun shahrida, qolganlari turli hududlarda yashaydigan qarindoshlarinikiga ketgan. Odamlar qishda qayerga borishga hayron, shu sabab ofat bartaraf etilishidan umid qilmoqda.

“Tirikchiligim chorva mollaridan bo‘lgani uchun shu yerdaman. Bizning uyimiz joylashgan joyda shamol yaxshi aylanadi, havodagi gaz ko‘p turib qolmaydi. Oilamiz bilan qayerga ham borardik, sharoiti borlar kollejga boryapti. Bir marta konni yopishganida yaxshi bo‘lgandi, hamma tinchigandi. Palakat, yonib chiqib ketibdi. U kuni kattalar kelib, yopishga va’da berdi. Bitta sizlar emas, 4-5 ta qishloq ziyon ko‘ryapti deyapti”, – deydi kofrunlik Mansur Qulmamatov.

Qishloqda yashovchi yana bir fuqaro mutasaddilar tomonidan o‘tkazilgan brifingda aytilgan ma’lumotlardan qoniqmaganinini bildirdi. Shuningdek, aholiga moddiy va ma’naviy kompensatsiya berilishi kerakligini aytdi.

“Brifingda bizga umuman keraksiz narsani bergan: gazning tarkibi, nechanchi yilda ishlar borilgani – bu xalqqa umuman qiziq joyi yo‘q. Odamlar bizga kompensatsiya berishi kerak, deydi. Bu yerdagi aholi, masalan men, maktabda ishlab 1 mln so‘m oylik olaman. 1 mln bilan tirikchilik qilib bo‘lmaydi-ku, o‘zlaring bilasizlar. Qo‘shimcha chorva bilan shug‘ullanaman. Ishlamaydigan qatlamlar ham chorva bilan band. Ular chorvasini kelib ko‘rib ketishga yo‘lkira sarflayapti”, – deydi u.

Mutaxassislar avariya oqibatlarini hamon bartaraf etishga urinmoqda. Safarimiz davomida nafaqat Kofrun qishlog‘i, balki butun tuman hududida, qolaversa, qo‘shni Sherobod, Muzrabot tumanlarida ham badbo‘y vodorod sulfid hidini tuydik.

Aholi yashash punktidagi fuqarolar orasida tan jarohati olish holatlari aniqlanmagan. Lekin zaharli gaz hidi ularning salomatligiga xavf solmoqda. Biz tuman tibbiyot birlashmasida bo‘ldik. Boysun tumanidagi Mustaqillik mahallasida yashovchi Dilrabo Mirzayevaning so‘zlariga ko‘ra, uning 9-sinfda o‘qiydigan qizi maktabga borib-kelishda gazdan zaharlangan.

“Obed vaqtida gaz hidi ko‘payyapti. Biz tomonda o‘zi gaz tarqalishi ko‘p. Maktabdan kelishida oltingugurtdan zaharlandi. Uchinchi martami shifoxonaga olib kelishimiz, kechasi kelamiz... Gaz ko‘p-da, xonalarning ham ichi hid, hamma farzandim gazladi. Uyga hamshira chaqirib turibmiz, lekin bu qizimni shifoxonaga olib kelmasak bo‘lmay qoldi. Nafas yetmay qoldi.

Boshqa bir qizim 4-sinfda o‘qiydi, u bilan ham shunday bo‘ldi, maktabdan kelayotgan joyida ko‘chada gaz hididan yiqilib qolgan. Xudoga shukr, tibbiyot xodimlari yordam beryapti. Osma ukol olganidan keyin, o‘ziga keldi, hozir uyda.

Aholi tashqariga chiqa olmayapti. Kecha kechqurun soat 8 dan boshlanib, tungi 2-3 gacha davom etdi. Uyda hamma joyni yopib, konditsioner qo‘shyapmiz, baribir shunda ham kiryapti. Maktabga jo‘natmaylik desak, o‘qituvchilar qo‘ymayapti, jo‘nat, hech kim gazdan o‘lgani yo‘q deb. Jo‘natsak, mana bu ahvol bo‘lyapti. Ketish kerak deydi, ketib qayerga boramiz?” – deydi boysunlik ayol.

Farzandini shifoxonaga yotqizgan erkaklardan biri burg‘ilash sohasida bir necha yildan beri ishlashini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloqda qolish endi xavfli.

“O‘zim shu sohada ishlayman. Besh qo‘l barobar emas, burg‘ulashda hammasi har xil ishlaydi, baribir bittasida bo‘lmasa, bittasida kamchiligi bo‘ladi. Baribir shunday voqea bo‘ladi. U yerda bosim katta. 780 atmosfera bosimni o‘ylang... Pastdan qarshilikni 400 atmosferaga bosib, agregatlar bilan sement haydagandan keyin, u yerda kutish bo‘ladi, sement qotishi kerak, yuqori bosim turibdi. 400 atmosfera bosimning oldiga olib borib ishlatish mumkin emas. Biz Buxorodagi konlarda ishlaymiz, biz ham zalivka qilamiz-da, 200-250 atmosferaga bosib qo‘yamiz, 3 sutka turadi – oldiga bormaymiz. Men hayron bo‘laman, nega oldiga olib borib ishlatgan? Kim ishlatgan? Mumkin emas.

Kompensatsiya berishi kerak-da. Hamma zarar ko‘ryapti. Xarajatimizni kim ko‘taradi, to‘g‘rimi? 1 sentabrdan beri shunday yuribmiz. Beshta bolam bor... Uyga borganimda, tashqarida turgan sirli satilning ichida mana shuncha (ikki barmog‘i bilan taxminan yarim sm qalinlikni ko‘rsatadi – tahr.) oltingugurt turganini ko‘rdim. Cho‘kib qolgan. Temir buyumlar usti esa xuddi moy, solyarka sepgandek yiltillab qolgan”, – deydi u.

Boysun tuman tibbiyot birlashmasi bo‘lim boshlig‘i Farhod Abdug‘aniyevning aytishicha, shifoxonaga yengil darajada zaharlanish belgilari – bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, darmonsizlik shikoyatlari bilan bemorlar kelib turibdi.

“Kerakli yordamlardan keyin 1-2 soatda bemorlarning gemodinamik ko‘rsatkichlari – qon bosimi, pulsi barqarorlashyapti. Bemorga tushuntirishlar berib, uchastka vrachlari nazoratida bo‘lish tavsiya etiladi. Hozir yotgan bemorlarimiz yo‘q, og‘ir bemorlar kuzatilmadi. Yengil holatda kelib-ketishyapti”, – deydi shifokor.

Kofrun qishlog‘idagi aholi avtobuslarda Boysun markazidagi maktablarning sport zallariga, yangi qurilgan uylarga, kasalxonalar va kollejlarga ko‘chirilgan. U yerda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishish maqsadida evakuatsiya qilingan aholi vakillari bilan gaplashdik.

“Mening sog‘lig‘imda muammo bor, har yili ikki marta davolanaman. Obodonlashtirishda ishlayman. Bu gaz hidi sog‘lig‘i yo‘qlarga, yosh bolalilarga juda ko‘p ta’sir qildi. Ikkinchi portlashdan keyin, bu gal hidi uylarga ham kira boshladi. Mahalla raisiga yozgandik, jimjit. Keyin bilishimcha, hokim o‘rinbosariga avtobus keladimi deb telefon qilishgan. Avtobuslar yuborishdi, yana evakuatsiya boshlandi.

Yaqinda – qish. Kunlar allaqachon sovib qolgan. Boysunda qish juda sovuq keladi. Mayli, Gaz yoqmaylik, oqova gaz ham kerakmas, tezakkinamizni yoqibgina o‘tirsak, qotgan nonni suvga botiribgina yesak – shunisi yaxshi-ku, bunday musofir bo‘lib yurganimizdan ko‘ra..

Agar konni yopa olmasa — bunga ular javob bera olmaydi, o‘zlari ham bilmaydi, u kompaniya ham bir xudo deb o‘tiribdi, — bizga yordam qilsin, uy-joy qilib bersin. Hech bo‘lmasa, kompensatsiya puli bersin. Sharoitimizga qarab, bosh to‘lovini qilaylik-da, uy olaylik. O‘z xohishi bilan chiqib ketaman deganlar ko‘p, o‘shalarga yordam bersin.

O‘tgan safar ham yopamiz-yopamiz deb, 15 kunga cho‘zildi. Menda uchta bola bor, sharoit qiyin-da baribir, yashash qiyin. Na maktab, na bog‘cha bor, bo‘lmaydi-da. Darslardan qolyapti. O‘zimizning qiynalganimizni aytmasak ham bo‘ladi. Oziq-ovqat, sharoitdan qiynalmayapmiz-ku, baribir uy-joy qilishning o‘zi bo‘lmaydi-da”, – deydi 3 bolaning onasi ekanini aytgan bir ayol.

“Biz ham Kofrunda turamiz. Hamma chiqqanda biz ham chiqdik, bolalarimiz uchun. O‘zimiz-ku nima bo‘lsak bo‘ldik... Bolalarimiz zaharlanib qolmasin deyapmiz. O‘pkasini tamom qilib yuboradi deyapti. Kelajagini o‘ylayapmiz.

Kompensatsiya bersin, uy-joy qilib bersin. Qancha kishi qiynalib yashagan, qanday qilib endi qishloqni tashlab ketib, boshqa joydan uy qiladi? Enter kompaniyasi ishlagan ishchilarning oyligini to‘lasin. Necha oydan beri oylik bermaydi. Oziq-ovqatini 4 kun yermiz, 5 kun yermiz, keyin mayli qotgan nonimizni yeyaveramiz – bizga uy-joy qilib bersin, qachongacha yuramiz maktabma-maktab, kollejma-kollej? Qish kelsa, bu yerda yashayversak, [isitish uchun] gazi qani, o‘tin qani?

Necha kishining mazasi qochib, davleniyasi chiqyapti. Tez yordam chaqirsak, kelib, yordam berib turibdi, lekin hammasi gazdan-da. Hamma ham kasal emas edi, hammaning ham davleniyasi kunda chiqmas edi. Gazdan bo‘lyapti. Yopsin, yoki chetroqqa ko‘chirsin”, – deydi qo‘lida yosh bolasi bilan bizga intervyu bergan kofrunlik boshqa bir ayol.

Ko‘rinib turibdiki, boysunliklar mavhumlik iskanjasida. Ular ertasi kunini tasavvur qila olishmayapti. Ayni paytda, mas’ul idoralar aholiga va Boysun ekologiyasiga yetkazilgan zarar bo‘yicha pudratchi kompaniyaning mas’uliyati borasida jiddiy choralar ko‘rishga shoshilmayapti.

Baxtiyor To‘xtayev,
Sherzod Egamberdiyev,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: