«Hamster Kombat» o‘yini tokenini faqat O‘zbekistonda ruxsat etilgan kriptobirjada sotish mumkin

Jamiyat 19:24 / 26.09.2024 3712

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) «Hamster Kombat» o‘yini va uning «HMSTR» kripto-aktivi savdosi bilan bog‘liq masalaga aniqlik kiritdi.

Qayd etilishicha, «The Hamster Foundation» loyihasi tashkilotchilari «TON» ekotizimi doirasida «Hamster Kombat» o‘yinining HMSTR tokeni chiqarilishini e’lon qilgan. O‘zbekistonliklar ushbu turdagi o‘yinlar uchun listing jarayonidan o‘tgan kripto-aktivlarni qonuniy ravishda sotib olishi yoki sotishi mumkinmi, fuqarolar ushbu kripto-aktivlar bilan qanday va qayerda operatsiyalarni amalga oshirishi mumkinligi haqida agentlikka savollar yo‘llagan.

ILMA bergan izohga ko‘ra, «HMSTR» tokenlarini faqat kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat ko‘rsatuvchi milliy provayderlar orqali, agar ular kripto-birja kotirovka ro‘yxatiga yoki kripto-do‘konning savdo savatiga kiritilgan bo‘lsa, xarid qilish yoki sotish mumkin bo‘ladi.

Agentlikning eslatishicha, O‘zbekiston hududida kripto-aktivning turi yoki nomidan qat’i nazar, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun qonunchilik darajasida ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.

ILMA o‘zbekistonliklarni hushyor bo‘lishga chaqirib, loyiha bo‘yicha norasmiy manbalar orqali olingan ma’lumotlarga, shuningdek, ushbu tokenlarni xarid qilish/sotish bo‘yicha o‘z xizmatini taklif qilayotgan shaxslarga ishonmaslikka chaqirmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: