Dunyoda har uch boladan biri uzoqni ko‘ra olmaslik muammosidan qiynaladi - tadqiqot

Jahon 15:35 / 26.09.2024 1494

Butun dunyoda bolalarning ko‘rish qobiliyati muntazam ravishda yomonlashib bormoqda: har uch boladan biri uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik muammosidan aziyat chekadi, deb xabar berdi BBC global tahlil natijalariga tayanib.

Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, COVID-19 sababli kiritilgan karantin bolalarning ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan, chunki ular ko‘p vaqtini ekran oldida o‘tkazib, ochiq havoga kamroq chiqishgan.

Tadqiqot uzoqni ko‘rmaslik yoki miopiya kasalligi Jahon sog‘liqni saqlash tizimining tobora yomonlashayotgan muammosiga aylanayotgani, 2050 yilga kelib bu yana millionlab bolalarga ta’sir ko‘rsatishi haqida ogohlantirdi.

Eng yuqori ko‘rsatkichlar Osiyoda kuzatilmoqda: Yaponiyada 85 foiz, Janubiy Koreyada 73 foiz bolalar uzoqni ko‘ra olmaslikdan aziyat chekadi, Xitoy va Rossiyada esa bu 40 foizdan ortiqni tashkil qiladi.

Paragvay va Ugandada miopiyaning eng past darajasi qayd etilgan (taxminan 1 foiz), Buyuk Britaniya, Irlandiya va AQShda 15 foiz atrofida.

British Journal of Ophthalmology jurnalida chop etilgan tadqiqotda olti qit’aning 50 mamlakatidan besh milliondan ortiq bolalar va o‘smirlar ishtirok etdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1990 yildan 2023 yilgacha uzoqni ko‘ra olmaslik darajasi uch baravar ko‘payib, 36 foizga yetgan. Tadqiqotchilarning aytishicha, bu o‘sish COVID-19 pandemiyasidan so‘ng “ayniqsa yaqqol” ko‘zga tashlangan.

Miopiya odatda boshlang‘ich sinf yoshida paydo bo‘lib, ko‘z o‘sishdan to‘xtagunga qadar, ya’ni taxminan 20 yoshgacha zo‘rayib borish tendensiyasiga ega. Bu kasallikka chalinish ehtimolini oshiradigan qator omillardan biri — Sharqiy Osiyoda yashash.

Bu genetikaga ham bog‘liq — bolalar kasallikni ota-onalaridan meros qilib oladi. Ammo boshqa omillar ham mavjud. Masalan, Singapur va Hongkong kabi joylarda bolalar juda erta, ya’ni ikki yoshidan boshlab ta’lim ola boshlaydi. Yosh bolalar kitob va ekranlarga qarashga ko‘p vaqt sarflaydi. Bu esa ko‘z mushaklarini zo‘riqtiradi va natijada uzoqni ko‘rmaslik muammosini keltirib chiqarishi mumkin.

Maktab ta’limi olti-sakkiz yoshdan boshlanadigan Afrikada uzoqni ko‘ra olmaslik holati Osiyoga nisbatan yetti barobar kamroq uchraydi.

Kovid pandemiyasi sababli millionlab odamlar uzoq vaqt uyda qolishga majbur bo‘lgan vaqtda bolalar va o‘smirlarning ko‘rish qobiliyati yomonlashgan.

“Olingan ma’lumotlar pandemiya va yoshlar orasida ko‘rish qobiliyatining jadal yomonlashuvi o‘rtasida ehtimoliy bog‘liqlik borligini ko‘rsatmoqda”, — deb yozadi tadqiqotchilar.

Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib ushbu kasallik butun dunyo bo‘ylab o‘smirlarning yarmidan ko‘prog‘ini qamrab olishi mumkin.

Tadqiqotda aytilishicha, qizlar va yosh ayollarda ko‘rsatkichlar o‘g‘il bolalarga qaraganda yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ular ulg‘aygan sari ochiq havoda kamroq vaqt o‘tkazadi.

Bundan tashqari qizlarning o‘sishi va rivojlanishi, jumladan jinsiy balog‘atga yetishi ertaroq boshlanadi, shuning uchun ularda yosh paytidanoq uzoqni ko‘rolmaslik rivojlanishi ehtimoli baland.

2050 yilga kelib Osiyoda boshqa barcha qit’alar bilan taqqoslaganda miopiyaning eng yuqori darajasi qayd etilishi (deyarli 69 foiz) kutilayotgan bo‘lsa-da, rivojlanayotgan mamlakatlarda ham bu ko‘rsatkich 40 foizga yetishi mumkin, deydi tadqiqotchilar.

Bolaning ko‘rish qobiliyatini qanday himoya qilish mumkin?

Britaniyalik oftalmologlarning so‘zlariga ko‘ra, bolalarda uzoqni ko‘ra olmaslik xavfini kamaytirish uchun, ularni, ayniqsa yetti yoshdan to‘qqiz yoshgacha payti kuniga kamida ikki soat ochiq havoga chiqarish kerak.

Natijaga aynan nima ta’sir ko‘rsatishi aniqlanmagan — bu tabiiy quyosh nuri ham, ochiq havoda jismoniy mashqlar bajarish yoki bolalarning uzoqdagi narsalarga ko‘proq qarashi ham bo‘lishi mumkin.

“Ochiq havoda bolalarga chindan foydali bo‘lgan nimadir bor”, — deya ta’kidladi Britaniya optometristlar kollejining klinik maslahatchisi Deniyel Hardiman-Makkartni.

U ota-onalarga yetti yoshdan o‘n yoshgacha bo‘lgan davrda bolalarning ko‘rish qobiliyatini qayta tekshirishni ham tavsiya etdi. Ota-onalar shuni ham e’tiborga olishi lozim — uzoqni ko‘rmaslik irsiy kasallik hisoblanadi. Agar siz uzoqni ko‘rmaslikdan aziyat cheksangiz, farzandlaringizda bu holat uchrashi boshqalarga nisbatan uch barobar ko‘proq.

Miopiyani davolash imkonsiz, ammo uni ko‘zoynak yoki kontakt linzalar yordamida to‘g‘rilash mumkin.

Maxsus linzalar kichkina bolalarda uzoqni ko‘rish qobiliyatining yomonlashishini sekinlashtirishi va ko‘zning yaxshiroq rivojlanishini rag‘batlantirishi mumkin, biroq ular qimmat. Osiyoda bunday maxsus linzalar juda ommalashgan bo‘lib, u yerda ochiq havoda ta’lim olishga taqlid qiluvchi shisha devorli sinflardan ham foydalaniladi.

Xavotirli tomoni shundaki, miyopiyaning yuqori darajasi keksalik paytida ko‘plab g‘ayrioddiy ko‘z kasalliklariga olib kelishi mumkin.

Uzoqni ko‘ra olmaslik belgilari qanday?

·        Uzoqroq masofadagi so‘zlarni o‘qishda qiynalish, masalan, maktabda doskadagi yozuvlarni o‘qiy olmaslik;

·        Televizor yoki kompyuterga yaqin o‘tirish yoxud mobil telefon va planshetni yuzga juda yaqin tutish;

·        Bosh og‘rishi;

·        Ko‘zlarni tez-tez ishqalash.

Ko‘proq yangiliklar: