AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yadroviy qurol tahdidi «mas’uliyatsiz» ekanini aytdi. Uning fikricha, dunyo ko‘proq qurolsizlanishga muhtoj.
Blinken MSNBC telekanaliga bergan intervyusida Putinning G‘arbga yadroviy qurollar haqidagi tahdidini «mas’uliyatsiz va bevaqt» deb qoraladi. Davlat kotibi dunyoda ko‘pchilik avval ham «yadro quroli bilan tahdid qilganini» eslatdi.
«O‘ylaymanki, dunyoda ko‘pchilik avval ham yadro quroli bilan tahdid qilgan, masalan, Xitoy ham. Shuning uchun men hozir ko‘proq qurolsizlanish va qurollarni tarqatmaslik haqida muloqot qilishga chaqirgan bo‘lardim», deb tushuntirdi u.
Kreml rahbari Putinning yangi yadroviy tahdidlari Yevropa Ittifoqining urushda Ukrainani qo‘llab-quvvatlash borasidagi pozitsiyasiga ta’sir qilmaydi. Bu haqda Yevropa Ittifoqi vakili Peter Stano brifingda ma’lum qildi.
«Putin birinchi marta yadroviy arsenali bilan tahdid qilayotgani yo‘q, bu esa uning o‘ta mas’uliyatsiz va qabul qilib bo‘lmaydigan xatti-harakatlarining davomi», dedi u.
Stano Putinning «yadroviy tahdidini» qoralab, u dunyoga faqat o‘zining haqiqiy qiyofasini ko‘rsatganini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa hozir xalqaro hamkorlar e’tiborini BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan davlat vakili bo‘lgan shaxsning «aqldan ozgan va mas’uliyatsiz xatti-harakatlariga» qaratmoqchi.
25 sentabr kuni Putin Rossiya Xavfsizlik kengashining yadroviy masala bo‘yicha yig‘ilishini o‘tkazdi. U yadroviy kuchlardan foydalanishga yondashuvlarni o‘zgartirishni taklif qildi.
Uning bayonotiga ko‘ra, yadro quroliga ega bo‘lmagan davlat tomonidan, lekin yadroviy davlat ishtirokida yoki ko‘magida Rossiyaga qarshi tajovuzni «birgalikdagi hujum» deb hisoblash mumkin. Moskva shuningdek, «Rossiya Federatsiyasi suverenitetiga hatto oddiy qurollar bilan jiddiy tahdid» yuzaga kelgan taqdirda ham yadro qurolidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqishini ma’lum qildi.