Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Airbus samolyotlari parkini kengaytiradi

O‘zbekiston 19:18 / 25.09.2024 2114

Uzbekistan Airways aviakompaniyasi yetakchi avializing kompaniyalaridan biri bo‘lgan SMBC Aviation Capital bilan ikkita Airbus A321 NEO havo kemasini yetkazib berish bo‘yicha lizing shartnomasini imzoladi. Samolyotlar 2026 yilda yetkazib beriladi.

Qayd qilinishicha, Airbus A321 NEO avialayneri Uzbekistan Airways uchun yangi turdagi havo kemasi bo‘lib, aviakompaniyaga Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo yo‘nalishlarini kengaytirish imkonini beradi.

«Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Markaziy Osiyo mintaqasida aviatashuvlar bo‘yicha yetakchi bo‘lishni o‘z oldiga katta maqsad qilib qo‘ygan. Yo‘nalishlar tarmog‘ini doimiy ravishda kengaytirish, parvozlar sonini ko‘paytirish va ularni yangi Airbus A320/A321 NEO oilasiga mansub havo kemalarida samarali amalga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu turdagi havo kemalar qulay parvoz va yoqimli sayohat uchun zarur sharoitlarni ta’minlaydi. Biz, shubhasiz, SMBC Aviation Capital'dan yangi havo kemani olish orqali bu maqsadlarning barchasiga erishamiz», dedi Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov.

«Biz Uzbekistan Airways aviakompaniyasini SMBC Aviation Capital yangi mijozi sifatida qutlashdan mamnunmiz va uzoq muddatli hamda muvaffaqiyatli hamkorlikka umid qilamiz. A321 NEO havo kemalarning yangi texnologik va tejamkor modellari Uzbekistan Airways aviakompaniyasiga Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropadagi yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirishga yordam beradi», dedi SMBC Aviation Capital aviatsiya marketingi bo‘limi rahbari Konor Stafford.

Qarorgohi Irlandiyaning Dublin shahrida joylashgan SMBC Aviation Capital samolyotlarni lizingga beruvchi eng yirik kompaniyalardan biridir.

Ko‘proq yangiliklar: