Ukrainaning Cherkasi oblastida shifokorlar erkakning organizmidan u yutib yuborgan oltita gayka kalitini chiqarib oldi. Bu haqda oblast shifoxonasining ko‘krak qafasi jarrohlik bo‘limi vakillari Facebook’da ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, g‘ayritabiiy hodisa o‘tgan oyda yuz bergan. Bemor bo‘yin flegmonasi, qizilo‘ngachning halqum va o‘rta uchdan bir qismida yirtilish, to‘liq mediastinit, o‘ng tomonda plevra empiyemasi, yot jismlar va oshqozon tushishi tashxislari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Shifokorlar, shuningdek, asboblar ko‘rinib turgan rentgen fotosuratlarini ham e’lon qildi. Erkak ularni nima sababdan yutib yuborgani hozircha noma’lum.
Jarrohlik amaliyoti bir vaqtning o‘zida bemorning bir nechta organlarida amalga oshirilgan. Uch haftalik davolanishdan so‘ng u shifoxonadan chiqarildi.
Avvalroq Eronda shifokorlar erkakning oshqozonidan umumiy og‘irligi uch kilogrammga yaqin 452 ta mayda metall buyumlarni olib tashlagandi.
Bemorga psixoz tashxisi qo‘yildi. Ruhiy buzilish kuchayganida buyumlarni erkakning o‘zi yutib yuborgan— u uch oy davomida metall “yegan”.