Toshkentdan Buxorogacha tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l quriladi - prezident

O‘zbekiston 16:48 / 25.09.2024 4667

“Biz 2030 yilgacha 30 milliard dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta dastur qabul qildik. Xususan, Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon yo‘nalishlarida pulli avtomobil yo‘llari, Toshkent–Samarqand, Samarqand–Navoiy–Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi”, – dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyevning qo‘shimcha qilishicha, respublikaning yana 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish davlat-xususiy sheriklikka beriladi.

“Shuningdek, kelgusi 5 yilda elektr, suv va gaz taqsimlash tarmoqlarini boshqarish xususiy operatorlarga o‘tadi. Masalan, Samarqand viloyatining elektr tarmoqlarini boshqaruvga olish bo‘yicha o‘tkaziladigan tenderga 50 dan ziyod xorijiy nufuzli kompaniyalar o‘z qiziqishini bildirdi”, – dedi prezident.

Ma’lum qilinishicha, bugungi kunda infratuzilma, energetika, transport, suv ta’minoti va barqaror rivojlanish yo‘nalishida OIIB bilan 3 milliard dollarlik 15 ta loyiha amalga oshirilyapti.

“Shu kunlarda bank bilan kelgusi 3 yilda yana 4 milliard dollarlik loyihalar dasturini amalga oshirishga kelishib oldik”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent va Samarqand shaharlari o‘rtasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar uchun alohida yangi temiryo‘l qurish rejasi haqida o‘tgan yili “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Hikmatulla Rahmetov aytib o‘tgandi.

Hozir bizda bitta magistral bor – qaysidir uchastkada ikkita, lekin asosan bitta – va biz bugun bu magistraldan ham yuqori tezlikdagi, ham tezyurar, ham oddiy transportlarda yo‘lovchi tashish maqsadida va ham yuk tashuvlari uchun foydalanamiz, shuning uchun hozirda infratuzilma shunchaki yetishmaydi”, – degandi Rahmetov Samarqanddagi forumda.

O‘TY rasmiysi Toshkent–Samarqand yangi temiryo‘l magistralini qurish masalasi Jahon banki, boshqa xalqaro moliya institutlari va manfaatdor investorlar bilan muhokama qilinayotgani, keyingi bosqichlarda yo‘lni Samarqanddan keyin yana uzaytirish ko‘zda tutilganini aytgandi.

Toshkent–Samarqand pulli yo‘lini qurish ishlari esa shu yil boshlanishi kerak. Prezidentning avgust oyidagi qaroriga ko‘ra, eng yaxshi taklif bergan quruvchi kompaniyani tanlab olish bo‘yicha tanlov joriy sentabr oyida e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan. Yil oxirigacha tanlov natijalarini e’lon qilish, pudratchi bilan shartnoma imzolash va qurilish ishlarini boshlash topshirig‘i berilgan.

O‘zbekistondagi birinchi pulli yo‘lni qurish ishlari 2028 yil oxirigacha yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Shundan keyin yo‘l davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy operatorga topshiriladi. Loyiha qiymati taxminan 2,2 mlrd dollarga baholanmoqda.

4,28 mlrd dollarga baholangan Toshkent–Andijon pulli yo‘lining loyiha konsepsiyasi shu yil oktyabrda tasdiqlanishi, 2025 yil davomida ikki bosqichli tender o‘tkazilib, 2026 yilda xususiy sherik bilan shartnoma imzolanishi kerak. Bundan tashqari, hujjatda 2027–2030 yillarda Samarqand–Buxoro pulli yo‘li va Taxtaqoracha dovonida pulli tunnel qurilishi ham belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: