“Texnologik urushlarning yangi sahifasi” - tahlilchilar Isroilning peyjyer operatsiyasi haqida

Jahon 19:11 / 25.09.2024 5098

Isroil maxsus xizmatlari tomonidan Livanda “Hizbulloh”ga qarshi peyjyer, ratsiya kabi elektron qurilmalarning portlatilishi zamonaviy urushlarning boshqa bir yangi shakliga yaqqol misol bo‘ldi. Ammo bunday operatsiyalarni Isroil birinchi marta o‘tkazayotgani yo‘q. Mavzu borasida siyosiy tahlilchilar Shavkat Ikromov va Fazliddin Madiyev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Shavkat Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, xalqaro urush qonunchiligida “Bubi tuzog‘i” degan tushuncha bor. Bunda turli yonuvchi moslamalar yoki o‘yinchoqlarga masofadan turib boshqariluvchi bombalar o‘rnatiladi va shu orqali dushmanga tizimli va maqsadli hujum qilinadi. Bu urush qonunchiligiga ko‘ra bahsli masala, lekin ayrim o‘rinlarda bunga ruxsat beriladi. Bu jarayon to‘g‘ridan to‘g‘ri urush sifatida baholanmaydi, balki qo‘rqitish usuli sifatida qaraladi. Bu kabi holatlar Isroil tarixida avval ham bo‘lgan, deydi u.

17 sentabr kuni “Hizbulloh” tomonidan tezkor aloqa uchun foydalaniladigan peyjyerlarda qator portlashlar sodir bo‘ldi. Ertasi kuni ratsiyalar ham portlatilgan. Portlashlar oqibatida kamida 37 kishi halok bo‘lgan va uch mingga yaqin inson jarohatlangan. The New York Times nashriga ko‘ra, Eronning Livandagi elchisi Mojtaba Amani bir kun oldin peyjyer portlashi oqibatida bir ko‘zidan ayrilgan, ikkinchi ko‘zi esa jiddiy shikastlangan.

Fazliddin Madiyevning qayd etishicha, bu voqealardan keyin livanliklar barcha texnik qurilmalar, oddiy quloqchindan tortib elektr tokida suv qaynatuvchi choynakkacha portlashi mumkin deb hisoblashmoqda. Bu borada tekshiruvlar amalga oshirilmoqda, lekin Livanda boshqa portlash bo‘lmasligiga hech qanaqa kafolat yo‘q, deydi u.

OAVga ko‘ra, “Hizbulloh” tomonidan o‘z a’zolari uchun buyurtma qilingan 5000 peyjyerdan iborat yangi partiya ichiga oz miqdorda portlovchi moddalar o‘rnatilgan. Bu Tayvan, Yaponiya yoki Vengriyada qilingani haqida taxminlar tarqalgandi, bu mamlakatlarda ayblovlar rad etildi.

Butun dunyo Isroilning masofadan turib aloqa vositalarini portlatganidan hayratda, biroq 1998 va 2000 yillarda ham livanliklar Isroil tomonidan bolalar o‘yinchoqlarining ichiga portlovchi moddalar joylagani haqida BMTga arz qilishgan.

Fazliddin Madiyev Isroilning texnologik operatsiyalari haqida so‘z yuritarkan, Erondagi uranni boyitish dasturiga masofadan turib yetkazilgan katta zarar Tehronning bu dasturini 10 yillarga kechiktirib yuborganini aytadi.

NormuhammadAli suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: