Samarqandda qarovsiz holda quritib yuborilgan bog‘lar masalasi prokuratura nazoratiga olindi

O‘zbekiston 19:26 / 25.09.2024 4857

Bundan bir necha kun oldin Kun.uz’da “Xalqaro miqyosdagi ko‘zbo‘yamachilik: Samarqandda qurib yotgan uchta bog‘" sarlavhali maqola e’lon qilingandi.

Unda viloyatda xalqaro tadbirlar ishtirokchilari tomonidan ikkita va viloyat Ekologiya boshqarmasi hamda jurnalistlar tomonidan yaratilgan yana bir bog‘ qarovsiz tashlab qo‘yilgani, oqibatda ularda ekilgan daraxtlar qurib qolgani tanqid ostiga olingandi.

Samarqand viloyati prokuraturasining xabar berishicha, maqolada ko‘rsatilgan holatlarni o‘rganish uchun Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda tegishli mutaxassislarni jalb qilgan holda ishchi guruh tuzilgan.

“Ishchi guruhi a’zolari joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlarini amalga oshirmoqda. O‘rganish natijasi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun yangi bog‘larning barchasi Samarqand tumanida joylashgan.

Birinchi bog‘ «CRIC-21 yashil bog‘i» degan tantanali nom bilan 2023 yilning 13 noyabrida Samarqand shahrida BMTning Cho‘llashishga qarshi kurashish konvensiyasini ko‘rib chiqish qo‘mitasining 21-sessiyasi doirasida barpo etilgan edi.

Daraxt ekish tadbirida BMT bosh kotibi o‘rinbosari, Cho‘llashish va qurg‘oqchilikka qarshi kurashish konvensiyasi ijrochi kotibi Ibrohim Tiau, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va xorijiy delegatsiya vakillari ishtirok etgan edi.

Oradan bir yil o‘tmasdan 1 000 tup qimmatbaho manzarali daraxtlar ekilgan 2,5 gektar ekani aytilgan bog‘ to‘liq qurib ketgan.

Ikkinchi bog‘ 2024 yilning fevralida Samarqandda o‘tkazilgan Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash bo‘yicha konvensiya tomonlarining 14-konferensiyasi — COP14 yig‘ilishi doirasida barpo etilgan edi va «COP-14 Yashil jamoat parki» deb atalgandi.

O‘shanda ham ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov, BMT Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlash to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrochi kotibi Emi Frenkel, xalqaro delegatsiyalar vakillari va xorijlik mehmonlar ishtirokida bog‘da shumtol, zarang, yapon saforasi, Qrim qarag‘ayi va boshqa daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan.

Aziz Abduhakimov «COP14 — Yashil jamoat parki» 4,5 gektar maydonni egallashi, parkda jami 2500 tup turli daraxtlar ekilishi, bu yerda savdo do‘konlari, avtoturargoh, shaxmat maydonchalari qurilishini, umuman park aholi uchun har tomonlama qulay bo‘lgan madaniy hordiq maskaniga aylanishini aytgan edi.

Ammo yashil jamoat parkiga aylanishi lozim bo‘lgan va Samarqand tumaniga ishonib topshirilgan, qarovsiz qolgan park qisqa vaqt ichida qurib, yantoqzorga aylandi.

«Ekologiya bog‘i» deb nomlangan uchinchi bog‘ Samarqand viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tashabbusi bilan Samarqand tumanidagi Ohalik mahallasi hududida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida 2 gektarlik yer maydonida shu yilning bahorida barpo etilgandi.

Uning bir gektar qismida jurnalistlar bog‘i ham bog‘i barpo etilgan, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlar ham borib 500 tupdan ziyod ko‘chat ekishgan edi. Bog‘larning barchasi qarovsiz holda qoldirilgani uchun ularga ekilgan daraxtlar to‘liq qurib qolgan.

Ko‘proq yangiliklar: