Rossiyalik mulozimlar va The Washington Post tahlilchilari Kremlning yadroviy tahdidlari «endi hech kimni qo‘rqitmaydi» deyishmoqda 

Jahon 19:44 / 25.09.2024 13361

G‘arb Moskva tomonidan o‘rnatilgan «qizil chiziqlar»ni e’tiborsiz qoldirmoqda, Kremlning tez-tez yangrab turadigan yadroviy tahdidlari tobora o‘z kuchini yo‘qotmoqda, shuning uchun Ukraina g‘arbning uzoq masofali qurollari bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat olishi mumkin bo‘lgan vaziyatda Vladimir Putin bunga javoban «nisbatan yumshoqroq va cheklangan» javob izlab topishiga to‘g‘ri keladi, deya yozgan The Washington Post bir qancha tahlilchilar, mulozimlar va olimlarga tayangan holda.

Rossiyalik rasmiylardan biri anonim tarzda Kreml tomonidan yadroviy tahdidlar so‘nggi vaqtlarda ko‘payganini qayd etgan. «Bunday bayonotlar uchun immunitet allaqachon paydo bo‘lgan va ular endi hech kimni qo‘rqitmayapti», — degan WP suhbatdoshi.

«Moskva o‘tkazgan qizil chiziqlar G‘arb tomonidan e’tiborsiz qoldirilayotgani va Moskvadan o‘z niyati jiddiyligini ko‘rsatish uchun yanada muhim qadamlar qo‘yilishi kerakligi haqida tushuncha mavjud», — deya qo‘shimcha qilgan yuqori martabali diplomatlar bilan aloqada bo‘lgan rossiyalik olim.

2022 24 fevralidan buyon turli darajadagi rossiyalik amaldorlar muntazam ravishda G‘arb «qizil chiziqlarni kesib o‘tayotgani» haqida gapirib keladi. Bunday chiqishlarga g‘arb tanklari, uzoq masofali qurollar, keyin esa zamonaviy qiruvchi samolyotlar Ukrainaga yetkazib berilgani sabab bo‘lgan. Ammo bunday tahdidlar ortidan keyin amalda hech narsa bo‘lmagan.

Shu bilan birga, WP suhbatdoshlari G‘arb harakatlariga javoban yadroviy zarba berilishi ssenariysini ehtimoli deyarli yo‘q bo‘lgan ssenariy deb hisoblaydi. Rossiyalik olim ham buni «ehtimoli eng kam» ssenariylardan biri deb atagan, chunki bu Rossiyaning Global janub davlatlari qatoridagi hamkorlarining noroziligini uyg‘otishi mumkin, shuningdek, harbiy nuqtayi nazardan ham samarador emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu mavzudagi muhokamalar muqobil variantlarni yetarlicha baholamaslikka olib keladi. U G‘arbda global harbiy infratuzilmaga egaligidan kelib chiqqan holda unda ko‘plab zaif nuqtalarni topish mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Fransiyadagi R.Politik siyosiy konsalting agentligi asoschisi Tatyana Stanovaya yadroviy javob barcha uchun, jumladan Putinning o‘zi uchun ham «eng yomon variant» ekani haqidagi fikrlarga qo‘shiladi. Uning hisoblashicha, yadroviy qurol qo‘llash yoki NATO mamlakatlaridan birining hududiga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum faqat Putin Rossiyaning mavjudligiga tahdid sezgan holatdagina ko‘rib chiqiladi, ammo buning uchun G‘arbdagilar hozirgidan ko‘ra «ancha o‘zidan ketib qolishi» kerak bo‘ladi.

Kremlga yaqin bo‘lgan siyosatshunos Sergey Markovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya armiyasining yuqori eshelonlarida Rossiya «qizil chiziqlar» haqida ko‘p gapirgani, ammo amalda hech narsa qilmagani haqidagi tushuncha kuchaymoqda. «Qaysidir pallada biz eskalatsiyaga majbur bo‘lamiz», — deya qo‘shimcha qilgan u. Uning fikricha, ehtimoliy javob Moskvada Buyuk Britaniya elchixonasi yopilishi va Ukrainaga berilgan F-16 samolyotlari joylashtirilgan Polsha va Ruminiyadagi aviabazalar bo‘ylab zarbalar berilishi bo‘lishi mumkin.

Londondagi Qirollik kollejining harbiy tadqiqotlar bo‘yicha faxriy professori Lourens Fridmanning fikricha, Moskva Yamandagi husiychilar kabi proksi guruhlar qo‘li bilan G‘arbning harbiy obektlari yoki boshqa infratuzilmalariga qarshi diversiya amaliyotlari o‘tkazishgacha borishi mumkin. Uning hisoblashicha, Putinning yadroviy tahdidlari ataylab noaniq shaklda berilgan. «Bu tahdidli yangraydi, ammo aslida u hech qachon nima qilmoqchiligini aniq qilib aytmagan. U qanday talqin qilishni o‘zimizga qoldirgan va odamlar eng yomonini kutishgan», — deya qo‘shimcha qiladi Fridman.

Ko‘proq yangiliklar: