“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Jamoat ishlari jamg‘armasi, Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi negizida Kambag‘allikni qisqartirish davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etiladi.
2025 yil uchun uy-joy va ipoteka bozorini rivojlantirish dasturi doirasida ajratiladigan subsidiyalar sonini 1,2 baravarga oshirish nazarda tutiladi.
2024–2025 yillarda tajriba tariqasida og‘ir ahvoldagi oilalarni kambag‘allikdan chiqarish maqsadida joylardagi tashkilotlarining 14 mingta rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarining har biriga har 6 oyda 5 tadan eng og‘ir ahvoldagi kambag‘al oilalar biriktiriladi.
2025 yil 1 apreldan:
- Samarqand va Toshkent shaharlarida eksperiment tariqasida autsorsing asosida Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan boquvchisini yo‘qotgan to‘liq bo‘lmagan oilalar, mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan oilalar, ikki va undan ortiq nogiron a’zolari mavjud oilalardagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati ko‘rsatiladi;
- ijtimoiy yetimlikning oldini olish, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga individual yondashuv asosida oilaga yaqin muhitda g‘amxo‘rlik ko‘rsatish hamda tarbiyalash xizmatini ko‘rsatish maqsadida mahallalarda oila shaklidagi kichik hajmli bolalar uylari tashkil etiladi;
- YaTT sifatida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslarga alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning kunduzgi parvarish xizmatlarini hamda yuridik shaxslarga nogironligi bo‘lgan bolalar, shu jumladan, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmatlarini davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.