Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden Berlinga ilk bor tashrif buyuradi. U Germaniya poytaxtiga prezidentlik saylovlariga bir oydan kamroq vaqt qolganda – 10 oktyabr kuni tashrif bilan keladi va u yerda uch kun qoladi, deb xabar berdi Der Tagesspiegel gazetasi 24 sentabr, seshanba kuni Berlin politsiyasidagi manbalarga tayanib. Nashrning qayd etishicha, Berlin politsiyasi Amerika prezidentini qabul qilishga hozirlik ko‘ra boshlagan.
To‘rt tomonlama uchrashuv bo‘lishi mumkin
O‘z navbatida, Der Spiegel Berlin hukumat doiralaridagi manbaga tayanib, Baydenning 10-12 oktyabr kunlari Berlinga tashrifi haqida yozdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif doirasida Bayden, Germaniya kansleri Olaf Shols, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Britaniya bosh vaziri Kir Starmer o‘rtasida to‘rt tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Boshqa narsalar qatorida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilinadi, deb yozadi haftalik.
Bir hafta oldin Amerikaning The Hill gazetasi prezidentga yaqin shaxslarga tayanib, Baydenning Berlinga borish rejalari haqida xabar bergan edi. Biroq safar vaqti e’lon qilinmadi. Ushbu ma’lumot hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Baydenning AQSh va Germaniya o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar doirasidagi ilk tashrifi
Bu Baydenning qariyb to‘rt yillik prezidentlik davrida ikki tomonlama munosabatlar doirasida Germaniyaga ilk tashrifi bo‘ladi. AQSh prezidenti Barak Obama Berlinga oxirgi marta shunday tashrif bilan sakkiz yil avval kelgan. Shu bilan birga, 2022 yilda Bayden Bavariyaning Elmau shahrida bo‘lib o‘tgan G7 sammitida ishtirok etdi va 2023 yilda Ramshtayn harbiy bazasiga qo‘nib o‘tgan.
2025 yilning yanvarida 81 yoshli Jo Bayden prezidentlikdan ketadi. O‘tgan yozda o‘z partiyasi bosimi ostida u ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yishdan bosh tortdi, shundan so‘ng demokratlar vitse-prezident Kamala Harrisni o‘z nomzodi sifatida ko‘rsatdi.