Isroil Mudofaa kuchlarining (TsAHAL) Shimoliy qo‘mondonligi qo‘mondoni general-mayor Ori Gordin mamlakat «Hizbulloh»ga qarshi harbiy kampaniyaning «yangi bosqichiga» kirganini aytdi. Uning so‘zlarini Times of Israel keltirdi.
Gordin so‘zlariga ko‘ra, harbiylar Livanda joylashgan guruhga qarshi quruqlikdagi janglarga «har tomonlama tayyorgarlik ko‘rishi» kerak.
«Operatsiya «Hizbulloh»ning imkoniyatlariga, ayniqsa, uning [raketa] imkoniyatlariga, tashkilot qo‘mondonlari va a’zolariga jiddiy zarba berish bilan boshlandi», dedi general.
TsAHAL, shuningdek, Livan bilan chegaradagi vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan rezervchilarning ikki brigadasi safarbar etilganini e’lon qildi.
23 sentabr kuni TsAHAL shtab boshlig‘i general-leytenant Gersi Halevi Livan guruhiga qarshi «ogohlantiruvchi hujum operatsiyasi» boshlanganini e’lon qildi. So‘nggi kunlarda Isroil armiyasi Livan janubi va mamlakat poytaxti Bayrut hududiga zarbalar bermoqda. Halevi «shimoldagi [Isroil] aholisining uylariga qaytishi uchun sharoit yaratish» vazifasini belgilab berdi.
Shu kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Livan xalqiga murojaatida Isroil armiyasi livanliklarga emas, «Hizbulloh»ga qarshi urush olib borayotganini aytdi. U aholini TsAHAL chaqiriqlariga quloq solishga va «Hizbulloh» qurol saqlayotgan joylarni tark etishga chaqirdi.