Finlandiya 2024 yil oxiriga qadar Lumi va Pyuryu laqabli ikkita pandani Xitoyga qaytarib yuboradi. Bu haqda Extyari hayvonot bog‘i rahbariyatiga tayanib, BBC xabar berdi.
Ushbu jonzotlar Finlandiyaga 2018 yilda 15 yillik ijara shartnomasi asosida olib kelingan. Ularning muddatidan oldin Xitoyga qaytarib yuborilishiga bir qator sabablar mavjud.
Hayvonot bog‘i o‘z qarzlarini kamaytirishni rejalashtirmoqda. Xususan, uning moliyaviy holatiga inflatsiya, foiz stavkalarining ko‘tarilishi, koronavirus pandemiyasi va turistlar sonining kamaygani ta’sir ko‘rsatgan.
Pandalar kuz oxiriga qadar hayvonot bog‘ida qoladi, keyin esa jo‘natib yuborilishdan oldin karantinga olinadi.
Finlandiya Tashqi ishlar vazirligi vakilining ma’lum qilishicha, pandalarning qaytarib yuborilishiga hukumatning aloqasi yo‘q va bu ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Dunyodagi barcha pandalar Xitoyga tegishli bo‘lib, turli davlatlar ularni ijaraga olishi mumkin. Buning uchun har bir juft uchun 250 mingdan 1 million dollargacha to‘lovni amalga oshirish kerak.
Avvalroq Hongkongda keksa gigant panda ilk bor ona bo‘ldi, u egizaklarni dunyoga keltirgan edi. Bu pandachalarning dunyoga kelishi — noyob hodisa, chunki hech bir gigant panda bunchalik kech ona bo‘lmagan.