Farg‘onada poyezd ustida selfi qilmoqchi bo‘lgan o‘quvchilarni tok urdi

Jamiyat 11:38 / 25.09.2024 7961

Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida poyezd vagonlari ustida selfi tushmoqchi bo‘lgan maktab o‘quvchilarini tok urgan. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 17 sentabr kuni 13:00 larda viloyat transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasiga poyezd tepasiga chiqqan o‘quvchilarni tok urgani haqida xabar berilgan. Xabarga asosan tergov tezkor guruhi voqea joyiga yetib borgan.

“Zamon” informatsion dasturida xabar berilishicha, Buvayda tumanida joylashgan 1-sonli maktabning ikki nafar 10-sinf va bir nafar 8-sinf o‘quvchilari Uchko‘prik tumanida joylashgan temiryo‘l bekatiga borgan. Ular temiryo‘l izlarini belgilanmagan joyidan kesib o‘tib, taqiqlangan hududga kirgan.

So‘ng o‘quvchilar bekatda turgan bug‘doy tashuvchi vagonning ustiga chiqib, selfi tushmoqchi bo‘lgan vaqtlarida ehtiyotsizlik qilgan ikki o‘smirni yuqori kuchlanishli elektr toki urgan. Turli darajada tan jarohatlari olgan bolalar tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga yuborilgan.

O‘quvchilardan birining tanasi 65 foiz kuygan va jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. Ikkinchi o‘quvchiga tananing termik kuyish va o‘ng son suyagi sinishi tashxisi bilan yordam ko‘rsatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: