AQSh Savdo vazirligi Xitoy va Rossiya uskunalarini, shuningdek, ba’zi avtomobillar uchun ulardan dasturiy ta’minotni import qilish va sotishni taqiqlovchi qoida joriy etishni taklif qildi, deb yozmoqda Bloomberg.
Mazkur chora-tadbirlar Wi-Fi, Bluetooth, mobil aloqa yoki sun’iy yo‘ldosh tizimlari orqali ma’lumot almashuvini amalga oshiradigan mashinalarni himoya qilishga qaratilgan. Amerikalik amaldorlarning aytishicha, bunday texnologiyalarga xorijdan aralashuv xavfi yuzaga kelishi mumkin, bu esa tizim ishidagi uzilishlar va sabotajlarga olib kelishi ehtimoli bor.
“Gap savdo yoki iqtisodiy afzalliklar haqida ketmayapti. Gap faqat milliy xavfsizlik haqida ketyapti”, — dedi AQSh savdo vaziri Jina Raymondo jurnalistlarga. “Diqqatimizni milliy xavfsizlikka bo‘lgan tahdidga qaratmoqdamiz, bunday avtomobillar mamlakatimiz va Amerika xalqi uchun juda real tahdid”.
Uning aytishicha, avtomobillardagi kameralar, mikrofonlar va GPS-navigatorlardan olingan ma’lumotlarga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan “chet ellik raqib” AQSh uchun “jiddiy xavf” tug‘dirishi mumkin.
Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jyeyk Sallivan bunday tizim bilan jihozlangan avtomobillarning AQSh infratuzilmasiga chuqur singib ketgani alohida xavf tug‘dirayotganini ta’kidlab o‘tdi.
Bloomberg xabar berishicha, Amerika va Yevropa amaldorlari Xitoy hukumati hamda mahalliy avtomobil ishlab chiqaruvchilar sohani adolatsiz ravishda subsidiyalayotganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, buning oqibatida arzon import tovarlari oqib kelishi mumkin, bu esa bozordagi vaziyatni buzadi.
O‘z navbatida, Xitoy uning tizimlari AQSh xavfsizligiga tahdid solishini rad etmoqda. Rossiya hozircha bu choralarga rasman izoh bermagan.
Rossiya va Xitoydan olingan dasturiy ta’minotni qo‘llashga qo‘yilgan taqiq 2027 yilda ishlab chiqarilgan avtomobillarga nisbatan kuchga kiradi, uskunalarga taalluqli qoida esa 2030 yilda ishlab chiqarilgan avtomobillar uchun amal qila boshlaydi. Model yiliga ega bo‘lmagan avtomobillarga ushbu qoida 2029 yil 1 yanvardan boshlab tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, 23 sentabr kuni Oq uy kichik va o‘rta avtomobil ishlab chiqaruvchilar uchun bir qator majburiyatlarni e’lon qildi hamda Michiganda elektromobillar yetkazib berish zanjirini yaratish dasturini ishga tushirish maqsadida 9,1 million dollar miqdorida grant ajratdi. Monro Capital kompaniyasi kichik avtomobil ishlab chiqaruvchilarga o‘z biznesini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish uchun 1 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilish majburiyatini oldi.
AQSh Savdo vazirligi milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan ayrim avtomobillarda Xitoy dasturiy ta’minoti va qurilmalaridan foydalanishni taqiqlashni taklif qilmoqchiligi haqida Reuters 21 sentabr kuni ikki manbaga asoslanib xabar bergandi. Keyinchalik bu haqda Bloomberg ham xabardor bo‘lgan shaxslarga tayanib ma’lumot berdi.
Fevral oyida AQSh Savdo vazirligi Xitoyda ishlab chiqarilgan avtomobillar Qo‘shma Shtatlar milliy xavfsizligiga tahdid solish-solmasligini aniqlash maqsadida tekshiruv o‘tkazishni boshlagan. O‘shanda vazirlik avtomobillarning sensor va kameralari orqali olinayotgan shaxsiy ma’lumotlar oqimi katta ekaniga e’tibor qaratgan. O‘tgan hafta AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga tariflar joriy etdi. Xususan, elektromobillar uchun 100 foizlik boj to‘lovi belgilandi.
Bundan tashqari, bunday avtomobillar uchun batareyalar va ularga akkumulyatorlar tayyorlash uchun zarur bo‘lgan asosiy minerallarga ham bojlar joriy qilindi.