Samarqandda e’lon qilingan rejalar, tumanlarga tayinlangan yangi hokimlar, bekor bo‘layotgan Umra litsenziyasi va Chorvoqqa pulli yo‘l rejasi — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Prezidentning Samarqanddagi nutqi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Samarqandda ochilgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi.
Qayd etish kerakki, anjumanda dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan 2 mingga yaqin vakillar qatnashmoqda.
Prezident o‘tgan davrda YaIM hajmi 2 barobar ko‘payib, 100 mlrd dollardan oshgani, kelgusi besh yilda bu raqamni 160 mlrd dollarga yetkazish reja qilinganini aytib o‘tdi.
Ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakat aholisi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga olib chiqish ekani ta’kidlandi.
Kelgusi yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik asosida har yili barcha shahar va qishloqlarda eng ilg‘or standartlarga mos keladigan 100 tadan yangi maktablarni ishga tushirishni reja qildik. Bunga kelgusi yillarda 2 milliard dollar investitsiya kiritilishi e’lon qilindi.
2030 yilgacha 30 mlrd dollarlik davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. «Toshkent – Samarqand» va «Toshkent – Andijon» yo‘nalishlarida pulli avtomobil yo‘llari, «Toshkent – Samarqand», «Samarqand – Navoiy – Buxoro» yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l qurish loyihalari amalga oshiriladi. Respublikaning 6 ta xalqaro aeroportini modernizatsiya qilishni davlat-xususiy sheriklikka beramiz.
Prezident «Yashil» iqtisodiyotni jadal rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida qo‘yib, 2030 yilgacha «yashil» energiya manbalarini 40 foizga yetkazish bo‘yicha katta marra qo‘yilganini qayd etdi.
Kelgusi yillarda yana 18 gigavatt quyosh va shamol, 3 gigavatt gidro elektr stansiyalari, 5 gigavatt energiya jamlash sig‘imlari hamda 5 mlrd dollarlik elektr tarmoqlari ishga tushirilishi aytib o‘tildi.
Tumanlarga tayinlangan yangi hokimlar
Bugun Toshkent shahrining ikkita tumaniga yangi hokimlar tayinlandi.
Bahodir Rixsialiyevich G‘oyibnazarov Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi etib tayinlandi. U 2021 yildan shu kunga qadar u Toshkent shahar hokimligi tashkiliy-kadrlar bo‘limi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Bo‘shab qolgan Shayxontohur tumani rahbarligi o‘rniga ham tayinlov bo‘lib o‘tdi. Bobur Yo‘ldoshovich Abubakirov Toshkent shahri Shayxontohur tumani hokimi etib tayinlandi. U 2019 yildan shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati Muzrabot tumaniga ham yangi hokim tayinlandi.
So‘nggi ikki yil davomida tumanga rahbarlik qilib kelgan Abdurashid Ismoilov o‘rniga Alisher Qurbonovich Qurbonov Muzrabot tumani hokimi etib tayinlandi.
Alisher Qurbonov mazkur tayinlovga qadar «Amirqulbobo KAA» fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lib faoliyat yuritib kelayotgan edi.
Umra litsenziyasi bekor bo‘lmoqda
2024 yil 5 oktyabrdan «umrachi» sayyohlik firmalariga Turizm qo‘mitasi bergan litsenziyalar o‘z kuchini yo‘qotadi. Bunday firmalar endi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitadan yangi litsenziya olishi kerak.
Hozirgacha yangi litsenziyani olish shartlari e’lon qilinmagan. Jamoatchilik talablar kuchaytirilishi va Umra «monopoliyasi» qaytishidan xavotirda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bayonotiga ko‘ra, 2024 yil 2 iyulda qabul qilingan qonun bilan joriy yil 5 oktyabrdan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya beruvchi vakolatli organ sifatida belgilangan.
«Bu joriy yil 5 oktyabrdan Turizm qo‘mitasi tomonidan Umra ziyoratini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyalar avtomatik ravishda to‘xtatilishini bildiradi», degan Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyorat turizmi bo‘limi xodimi.
5 oktyabrdan boshlab Umra ziyorati bo‘yicha Turizm qo‘mitasining litsenziyasi asosidagi faoliyat noqonuniy hisoblanadi. Bu yuridik shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdorida jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Lekin hozircha sohadagi litsenziyalovchi vakolatli organga aylangan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning o‘zida litsenziya berish uchun tartib-taomillar yo‘q. Bu borada hukumatning yangi qarori chiqishi kutilmoqda.
Chorvoqqa pulli yo‘l
Bektemir – Chirchiq – G‘azalkent – Chorvoq avtomobil yo‘lining 6−77-kilometri pulli yo‘lga aylantirilishi rejalashtirilyapti.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Turkiyaning Onur Group kompaniyasi bilan «loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va uni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olish» yuzasidan kelishuvga erishgan.
Uchrashuv davomida ikki mamlakat o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida avtomobil yo‘llari, tunnellar qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan erishilgan kelishuvlar ko‘rib chiqilgan.
Xususan, Bektemirdan Chorvoq qo‘rg‘onigacha bo‘lgan avtomobil yo‘lining 6–77-kilometrlari orlig‘ini asfalt-beton qoplama bilan rekonstruksiya qilib, pulli yo‘lga o‘tkazish loyihasi yuzasidan muzokaralar olib borilgan. Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani amalga oshirish bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlash va uni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab olish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga ko‘ra, hali transport vazirligi ushbu pulli yo‘l uchun tender o‘tkazmagan. Vazirlik turk kompaniyasi takliflari ko‘rib chiqilganini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari hali ishlab chiqilmaganini ma’lum qildi. Shundan so‘ng tender o‘tkaziladi va loyiha pudratchisi aniqlanadi, deya bildirgan vazirlik.