Rossiya hukumati Ukrainaga qarshi davom etayotgan urush xarajatlarini qoplash uchun armiya budjetini yana keskin oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Hozirga qadar urushga ketgan mablag‘lar rossiyalik soliq to‘lovchilarga 22 trillion so‘mga tushgan.
Bloombergʼning yozishicha, 2025 yilda Rossiya federal g‘aznasi «milliy mudofaa» uchun 13,2 trillion rubl (142 milliard dollar) ajratadi. 2024 yil bilan taqqoslaganda harbiy xarajatlar 22 foizga, 2023 yilga nisbatan ikki barobarga, 2021 yil bilan solishtirganda esa qariyb to‘rt barobarga oshmoqda. Mamlakatda harbiy budjet YaIMning 6,2 foizini tashkil etadi — bu Afrikadagi harbiy diktaturalar darajasidir (Janubiy Sudanda YaIMning 6,3 foiziga teng).
Qayd etilishicha, budjetdagi har uch rubldan biri — 12,9 trillion rubl maxfiy qarorlar orqali sarflanadi. Umumiy hisobda bunday xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga oshmoqda.
Bundan tashqari, hukumat yana 3,5 trillion rublni politsiya, «Rosgvardiya» Tergov qo‘mitasi, maxsus xizmatlar va boshqa kuch tuzilmalari budjetini himoya qiluvchi «milliy xavfsizlik» bandi orqali sarflaydi.
Rossiya hukumati sog‘liqni saqlash uchun yo‘naltiriladigan budjet xarajatlarini joriy yilgi holatda ushlab qolmoqchi — 1,6 trillion rubl, aholining ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovi, jumladan, pensiya va nafaqalar — sezilarli darajada qisqaradi. 2025 yilda ushbu maqsadlar uchun 6,8 trillion rubl ajratiladi — bu 2024 yilga nisbatan 700 milliard rublga kam demak.
Budjet loyihasiga ko‘ra, ta’lim xarajatlari biroz oshadi — 1,5 trillion rublda, 1,6 trillionga qadar. Sezilarli o‘sish — 10 foizga yoki 400 milliard rubl — hukumat rejasiga muvofiq, «milliy iqtisodiyot» bandi bo‘yicha megaloyihalar va davlat korporatsiyalariga yordam uchun ajratiladi.
Harbiy budjetni barqarorlashtirish uchun hukumat soliqlarni oshirishga majbur bo‘ladi: 2025 yildan boshlab Rossiyada jismoniy shaxslar daromadi uchun progressiv soliq shkalasi ishga tushiriladi, shuningdek, biznes daromadidan olinadigan soliq miqdori oshadi. Moliya vazirligi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu g‘aznaga qo‘shimcha 2,6 trillion rubl olib keladi.