Vuhledar, Selidove, Toretsk. Ukraina uchun frontning qaysi nuqtasidagi vaziyat eng og‘iri?

Jahon 20:18 / 24.09.2024 24406

Ukrainaning Donetsk oblasti janubidagi Vuhledar shahrini mudofaa qilayotgan bo‘linmalarining holati tobora og‘irlashmoqda. Rossiyaning bostirib kelayotgan qismlari shaharni janubi-g‘arbdan va shimoli-sharqdan aylanib o‘tmoqda hamda allaqachon logistikaga jiddiy tahdid solgan holda uni yarimqurshov holatiga tushirgan. BBC harbiy sharhlovchisi Ilya Abishev frontdagi vaziyatni tahlil qildi.

Ukraina qurolli kuchlarining ikki yildan ortiq vaqtdan buyon Vuhledarni himoya qilib kelgan 72-brigadasi holdan toygan va qurshovga tushish xavfi ostida qolgan, Forbes tahlilchisi Devid Aksning ta’kidlashicha, unga yordam berish yoki o‘rniga olib kelish uchun zaxira kuchlari yo‘q.

«Ukraina qurolli kuchlari bu vaqtda Kurskda yurish qilmoqda va mamlakat sharqi va janubidagi boshqa hududlarda ham himoyalanmoqda. Ular butun front bo‘ylab yoyilib ketgan. Armiyada tuzilgan yangi 14 brigada esa zamonaviy texnikalarning o‘tkir taqchilligini boshdan kechirmoqda», — deya yozadi ekspert.

Ukraina bosh shtabining sobiq vakili, harbiy ekspert Vladislav Seleznyov ham Vuhledar yo‘nalishida tahdidli vaziyat yuzaga kelgani haqida gapirmoqda.

«Barchasi ham dushman kuch va vositalar bo‘yicha ustunlikka egaligi bilan bog‘liq emas. Mudofaa amaliyotini tashkillashtirishdagi noto‘g‘ri hisob-kitoblar ham o‘zini bildirmoqda», — degan Seleznyov Ukraina teleefirida.

Vuhledar katta strategik ahamiyatga ega hisoblanadi. U tepalikda va ikki front — sharqdagi Donetsk oblasti va janubdagi Zaporijjya frontlari tutashgan nuqtada joylashgan.

Shahardan 18 km sharqdan Rossiya armiyasi harbiylari va texnikalarini Donetsk-Volnovaxa liniyasi orqali va yanada janubga olib o‘tishi mumkin bo‘lgan temiryo‘l o‘tgan.

Ammo Vuhledar Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostida qolarkan, uning stvolli artilleriyasi mazkur muhim magistralga maqsadli zarbalar amalga oshirishi mumkin bo‘lib turgandi.

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bosqin boshidan buyon Vuhledarni egallab olishga urinib keladi.

2022 yil kuzida ular shahardan janubdagi Pavlovka qishlog‘ini olgandi, ammo shundan keyin shaharga hujum qilishga bo‘lgan barcha urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. 2023 yil fevralidan 2024 yil iyuniga qadar Rossiya armiyasi bu yerda kamida to‘rt bor yirik hujum amaliyotlarini o‘tkazgan — bu urinishlarning barchasida katta yo‘qotishlar berilgan va hech qanday natijaga erishilmagan.

Ammo hozirda Rossiya qo‘shinlari Donbassdagi boshqa yo‘nalishlarda asta-sekin oldinga siljiyotgani o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi va Ukraina qurolli kuchlari kengayib borayotgan qanotlarini himoya qilishi borgan sari qiyinlashmoqda.

Aprel oyida Novomixaylovka qulaganidan keyin Rossiya bo‘linmalari Vuhledarni shimoli-sharqdan aylanib o‘ta boshladi. Muvaffaqiyatni his qilib, ular janub va janubi-g‘arbdan ham bosimni kuchaytirdi.

«72-alohida mexanizatsiyalashgan brigadani rotatsiya qilishdan bosh tortgan rahbariyat hududiy mudofaa kuchlarini yordamchi zaxira kuchlari sifatida kiritishga majbur bo‘ldi, u esa dushman hujumiga dosh berolmadi, — deya yozadi ukrainlarning DeepState portali. — Undan avvalroq esa Prechistovkadagi 58-brigada mudofaasi ham qulagandi. „Yaxshiroq marralar“ga rejadan tashqari chekinish esa dushman Vuhledar guruhining o‘ng qanotini o‘rab olishiga olib keldi».

Ukrainalik ko‘ngilli va bloger Sergey Sternenko ham vaziyat o‘ta og‘ir ekanini ta’kidlaydi. Uning fikricha, «eng yuqori darajadagi rahbariyat ayni vaqtda operativ vaziyat qandayligini umuman tushunmaydi».

72-brigada qismlari Vuhledardan nisbatan qulayroq mudofaa pozitsiyalariga chekinishni boshladi, deya yozdi chorshanba kuni Forbes. Nashr taxminiga ko‘ra, ukrain qo‘shini Vuhledar shimolidan Bogoyavlenka qishlog‘iga olib ketilgan.

Rossiya qo‘shini Vuhledar chekkalariga yetib kelgan, ammo uni egallash Donetsk oblasti g‘arbidagi keyingi hujum amaliyotlari uchun ularga qandaydir operativ ustunlik taqdim etishi dargumon, deyiladi Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) hisobotida.

Bu vaqtda Donbass frontining boshqa uchastkalarida ham Ukraina bo‘linmalari holati yomonlashishda davom etmoqda.

Ukraina hukumati Rossiya armiyasi yaqinlashib kelayotgan aholi yashash punktlaridan odamlarni olib ketmoqda. Fotoda — Kuraxovodan evakuatsiya jarayoni. Foto: Reuters

Pokrovsk va Kuraxovo yo‘nalishlari

Rossiya qo‘shini Pokrovskdan sharq va janubi-sharqdagi hududlarga yurish qilishda davom etmoqda. Quruqlik orqali hujumlar Mikolayivka yo‘nalishidagi Grodovkadan g‘arbda, Selidovening sharqida, Ukrainskdan shimoli-g‘arb va g‘arbda Tsukurino yo‘nalishida hamda Jyelannoye-2 hududida olib borilmoqda.

«Ko‘rinib turibdiki, raqibning „Markaz“ qo‘shinlar guruhi „Janub“ qo‘shinlar guruhining janubi qismi tarkibidagi kuch va vositalar bilan birgalikda Ukraina qurolli kuchlarini Volchya daryosi bo‘yidagi, Gornyak va Kuraxovka qishloqlari oralig‘idagi platsdarmdan siqib chiqarish rejasini amalga oshirishni yakunlamoqda», — deya yozgan ukrainalik harbiy sharhlovchi Konstantin Mashovets.

Pokrovskdan 20 kilometr masofadagi Selidove shahrida vayron qilingan temiryo‘l ko‘prigi. Sentyabr boshida RF qurolli kuchlari Kuraxovoga hujum boshlash uchun Selidoveni sharqdan aylanib o‘tdi. 2024 yil 21 sentabr
Kostiantyn Liberov / Libkos / Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari Volchya daryosining chap sohilidan asta-sekinlik bilan olib chiqilishi haqida o‘tgan haftadayoq xabar qilingandi. O‘tgan vaqt ichida Ukraina qo‘mondonligi bu uchastkada front chizig‘ini barqarorlashtira olmadi, bu esa Selidove janubi-sharqi va janubidagi vaziyatni ular uchun keskin yomonlashtirdi. Pokrovskdan janubi-sharqdagi bu shahar Ukraina qurolli kuchlari uchun tayanch punkt vazifasini o‘taydi va Rossiya qo‘shinlarining Pokrovsk yo‘nalishidagi oldinga siljishidagi to‘siq hisoblanadi.

«Aftidan, Ukraina qurolli kuchlari yaqin vaqtlar ichida Volchya ortiga olib ketiladi va yaa bir katta savol tug‘ilmoqda —  ular Gornyak — Kuraxovka chizig‘i bo‘ylab mudofaani ushlab tura oladimi, chunki vaziyatning rivojlanishiga qarab bunday deyish qiyin», — deb hisoblaydi Mashovets.

Pokrovsk ostonasida — Grodovka va Novogrodovka oralig‘idagi hududda ham vaziyat ukrainlar uchun og‘irlashdi, bu yerda Rossiya qismlari Juravka daryosini kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Hozirda ular Pokrovskdan 10 km masofada turibdi.

Toretsk yo‘nalishi

Toretskda, Rossiyaning ilg‘or bo‘linmalari ancha oldinroq yorib kirgan shaharda ko‘cha janglari davom etmoqda. Urushlarni o‘rganish instituti ma’lumotiga ko‘ra, ukrainlar shahardagi bir necha pozitsiyalarni qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan. «23 sentabr kuni e’lon qilingan geolokatsiya kadrlari ko‘rsatmoqdaki, ukrain kuchlari Toretsk sharqida Markaziy ko‘cha bo‘ylab janub tomon ilgarilagan», — deyiladi ISW hisobotida.

Toretskdagi baland binolar shturm harakatlarini qiyinlashtiradi, ammo shahar borgan sari kuchliroq vayron qilinmoqda, Rossiya aviatsiyasi mudofaalanayotganlarning pozitsiyalariga yo‘naltiriluvchi aviabombalarni tashlamoqda, Ukraina qurolli kuchlari esa hozircha bunga qarshi chora topa olgani yo‘q. Buning ustiga Rossiya armiyasi qanotlardan to‘xtovsiz bosim uyushtirmoqda.

Seshanba kuni Ukraina bosh shtabidan ma’lum qilishlaricha, Rossiya qo‘shini Toretsk hududida hujumlarni davom ettirmoqda: shahardan shimoli-sharqdagi Dachnoye yaqinida, janubdagi Nelipovka atrofida hamda g‘arbda Shcherbinovka yo‘nalishida.

«Men odamlarimiz Ukraina qurolli kuchlari Selidove, Toretsk va Vuhledarni tashlab chiqishiga ruhan tayyor bo‘lishni tavsiya qilgan bo‘lardim», — deya yozgan Konstantin Mashovets.

Xarkiv yo‘nalishi

Ayrim xabarlarga ko‘ra, may oyida Belgorod tomondan Xarkiv oblastiga bostirib kirgan Rossiya qo‘shini mudofaaga o‘tmoqda.

Ukrainaning Xarkiv oblastida jang qilayotgan dronlar batalyoni komandiri o‘rinbosari Olesya Malyarevichning fikricha, bu hududdagi front chizig‘idagi vaziyatga Ukraina Kursk oblastiga bostirib kirgani ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Lipsi-Glubokoye hududida Rossiya Tinch okeani flotining dengiz piyodalari ishtirokida intensiv janglar ketayotgandi, Kursk operatsiyasi boshlanganidan keyin esa «bu bo‘linmaning bir qismi boshqa tomonga olib ketilgan».

Ukrainaning Xarkiv qo‘shinlar guruhi vakili, polkovnik Vitaliy Saransev Rossiya kuchlari Xarkivdan shimolda Glubokoye-Lipsi chizig‘i bo‘ylab o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab, aloqa va logistikani yaxshilayotgani, bu bilan boy berilgan pozitsiyalarni kelgusida qaytarib olishga urinishga ham tayyorlanayotganini aytgan.

Chorshanba kuni ukrain qo‘shini Vovchansk markazida harakatlanayotgani ma’lum bo‘ldi, kadrlar geolokatsiyasiga ko‘ra, ular Vovchansk agregat zavodini to‘liq egallagan. Uni mudofaa qilgan rossiyalik harbiylar bir necha oy mobaynida qurshovda edi, ularga dronlar yordamida ta’minot yetkazib turilgandi, ammo, ular pozitsiyalarini ushlab qolishga muvaffaq bo‘lmagan.

Ukraina harbiy razvedkasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Vovchansk agregat zavodini himoya qilgan rossiyalik o‘nlab harbiy xizmatchilar asir tushishgan.

Kursk va boshqa yo‘nalishlar

Rossiyalik Z-blogerlar yozishicha, ukrain qo‘shini mexanizatsiyalashgan bo‘linmalar bilan hujum uyushtirib, Kursk oblastida o‘zlari nazorat qilib turgan hududdan g‘arbdagi Glushkovo rayonida kichik hududni egallab olgan. Geolokatsiya kadrlari Ukraina qurolli kuchlari Veseloye (Glushkovo rayoni markazidan janubi-g‘arbda) sharq va janubi-sharq tomon oldinga siljiganini tasdiqlaydi.

Qo‘shni Korenevo rayonida ham janglar to‘xtagani yo‘q. Rossiyadagi manbalarga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari Olgovka (Korenevodan sharqda), Lyubimovka (Korenevodan janubi-sharqda), Tolstoy Lug (Lyubimovkadan janubroqda), Malaya Loknya va Obuxovka (Korenevodan janubroqda) hududlarida hujumlarni davom ettirgan.

Rossiya mudofaa vazirligi 23-24 sentabr kunari Rossiya qo‘shini ukrainlarning Noviy Put va Medvejye (ikkisi ham Glushkovodan janubda joylashgan) qishloqlariga qilingan hujumlari qaytarilgani haqida xabar berdi.

Boshqa yo‘nalishlarda — Kupyansk-Svatove-Kreminna chizig‘i bo‘ylab, shuningdek Seversk va Chasiv Yar hududlarida hamon Rossiya tomoni tashabbusga egalik qilmoqda. Rossiya harbiylari bir necha hujum amaliyotlari o‘tkazgan, ammo front chizig‘ida sezilarli o‘zgarish yasashning uddasidan chiqa olmagan.

Ko‘proq yangiliklar: