Uchrashuvda Litva kompaniyalariga O‘zbekiston fuqarolarini qonuniy tarzda ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida 200 nafar vatandoshni Litva korxonalariga ishga qabul qilish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Tomonlar o‘rtasida tuzilgan kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish, qadoqlash va qayta ishlash korxonalarida ish bilan ta’minlanadilar.
Litvada ish bilan ta’minlanadigan O‘zbekiston fuqarolarining 50 kishidan iborat birinchi guruhi shu yil noyabr oyida Vilnyus shahriga jo‘natilishi rejalashtirilmoqda.
WorldHalal trust – Litva, Gretsiya, Britaniya, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Belarus, Rossiya, Turkiya va Xitoyda joylashgan halol sertifikatlash sohasida ko‘p yillik tajribaga ega kompaniya hisoblanadi. Kompaniyaning asosiy faoliyati go‘sht, sut, gigiyena va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarni sertifikatlashdan iborat. Korxona yirik fermer xo‘jaliklari, qoramol va parranda go‘shtini qayta ishlash quvvatlariga ega.