«Katta yettilik» mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari yaqin orada Nyu-Yorkda Ukrainani Rossiya hududiga zarba berishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan uzoq masofali raketalar bilan ta’minlash masalasini muhokama qiladi, dedi Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel 23 sentabr, dushanba kuni.
Bu haqda Yevropa diplomatiyasi rahbari BMT Bosh assambleyasi doirasida jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, bayonot berdi, deb xabar qiladi Reuters. Borrel ta’kidlaganidek, Tehronning bir necha bor rad etishiga qaramay, Rossiya Erondan yangi qurollar, jumladan Eronning uzoq masofali raketalarini olayotgani aniq.
Kiyev o‘z ittifoqchilaridan uzoq masofaga uchuvchi raketalardan foydalanishga, xususan, Rossiya qiruvchi samolyotlari Ukrainaga qarab uchadigan harbiy aerodromlarga zarba berish uchun ruxsat so‘ramoqda. Kutilganidek, Nyu-Yorkka tashrif buyurgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham Bosh assambleya yig‘ilishida nutq so‘zlaydi.
OAV: London va AQSh yashirincha Kiyevga RFga chuqur zarba yo‘llashga ruxsat bermoqchi
Britaniya va AQSh Ukrainaga yashirincha Rossiya hududiga uzoq masofali Storm Shadow raketalari bilan zarba yo‘llash uchun ruxsat berishi mumkin, deb yozadi The Times gazetasi 20 sentabr kuni g‘arb diplomatlariga tayanib. Nashrning yozishicha, London va Vashington «ushbu qarorni imzolashga» tayyor, biroq qanotli raketalar Rossiya hududiga «birinchi marta uchirilmagunicha» ochiq e’lon qilishdan tiyilishi mumkin.
The Times ta’kidlaganidek, Rossiya Federatsiyasiga uzoq masofali zarbalar berish bo‘yicha cheklovlarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorning dastlabki e’lon qilinishi Moskvani «ogohlantirishi» mumkin, shu bilan birga «hayratlanish elementini» saqlab qolish muhim.
OAV: Eron ballistik raketalarni Rossiyaga topshirdi
Ukrainaning uzoq masofali qurollardan foydalanishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish bo‘yicha munozaralar Tehron go‘yoki sentabr oyi boshida Moskvaga qisqa masofaga uchuvchi ballistik raketalarni topshirganidan keyin kuchaydi. Buning uchun Fransiya, Germaniya va Britaniya Eronga qarshi yangi sanksiyalar kiritdi. Eron hukumati bu da’volarni rad etdi.
Yevroparlament a’zolari 19 sentabr kuni rezolyutsiyani qabul qildilar, uning bandlaridan biri Yevropa Ittifoqi davlatlarini Ukraina tomonidan Rossiya Federatsiyasi hududida qonuniy harbiy maqsadlarda G‘arb qurollaridan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga chaqiriq edi. Yevroparlament deputatlarining fikricha, joriy cheklovlar Ukrainaga o‘zini o‘zi himoya qilish huquqini to‘liq amalga oshirishga imkon bermaydi va mamlakatni aholi va infratuzilmaga hujumlar qarshisida zaif holga keltiradi.