Bokschi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev Toshkent markazida Tahoe’da 110 tezlikda harakatlandi

Jamiyat 12:02 / 24.09.2024 16578

Toshkent shahrida boks bo‘yicha Parij-2024 Olimpiya o‘yinlari chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev yo‘l harakati qoidalarini buzib, yuqori tezlikda harakatlandi. U buni videoga oldirib, Instagram sahifasiga joylashtirgan.

Keyinroq video o‘chirib yuborildi.

Mo‘ydinxo‘jayev videosida u shahar markazida 110 km/soat tezlikda harakatlanganini ko‘rish mumkin. Shaharda tezlik cheklovi esa 60 km/soatni tashkil qiladi.

MJtKga ko‘ra, sportchi belgilangan tezlikdan 50 km/soat tezroq yurgani uchun 3 mln 60 ming so‘m jarima to‘lashi kerak bo‘ladi.

Ijtimoiy tarmoqdagi reaksiya

Bu holat ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilar tomonidan e’tirozga uchradi. 

Huquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiyev kinoya bilan u Olimpiada chempionligi uchun olgan mukofot puli «yana 823 marta shunday qoidabuzarlik qilishga yetishi»ni aytadi.

«Hammasiga o‘zimiz aybdormiz. Qoidabuzarliklarni maqtaymiz, buni ko‘z-ko‘z qilganlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bunaqa qoidabuzarlarni «krutoy» deymiz, qoidaga amal qiladiganlarni «lox» deymiz. Qoidabuzarlarga qarshi kurashganlarni «kazyol» deymiz.

Shu sababli har kuni ko‘chalarimizda 10 ga yaqin inson avtohalokatdan vafot etaveradi. Kimlardir otasidan, kimlardir onasidan, kimlardir farzandidan ayrilib qolaveradi. Ming afsus...

Qoidabuzarligini internetga maqtanib joylaydiganlarning haydovchilik guvohnomasini bekor qilish haqidagi qonun qachon qabul qilinadi? Jarima ballari to‘g‘risidagi qonunni qachon oxiriga yetishadi? O‘zi umuman qachon tartibga solinadi bunaqa holatlar? Qachon qat’iy javobgarlik belgilangan davrlarga kelamiz? Nega uxlayapmiz? Pulini to‘lab, istaganini qilsa bo‘ladigan qonunlar sharmandalik emasmi?» deya savollar qo‘ygan u.

Bloger Shahnoza Soatova ushbu bokschiga qat’iyroq chora ko‘rishga, qoidabuzarlik sodir etilgan avtomobilni olib qo‘yishga chaqirgan.

«Boks bo‘yicha Olimpiada chempioni Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev «Prezident sovg‘asi» deb yozilgan avtomobilda Toshkent ko‘chalarida soatiga 110 km tezlikda harakatlanibdi. Va buni chiroyli mobilografik kompozitsiya qilib tarmoqqa joylabdi (ya’ni tasodifan videoga tushib qolmagan).

Biz bularni sog‘lom turmush tarzi va sportcha irodayu intizomni targ‘ib qiladi desak, qoidabuzarlikni rosa jozibali targ‘ib qilishyapti-ku.

Yoshlar bir kuni shunaqa sovg‘alarda qoida buzish uchun sport bilan shug‘ullanganidan shug‘ullanmagani yaxshi. Bu to‘g‘ri ibrat emas, bu davlat va jamiyatning e’tibori hamda minnatdorchiligini suiiste’mol qilishdir. Yosh bolalar o‘lyapti shunaqa o‘pkasini bosolmaganlar kasriga. 

Olimpiada chempionimiz esa qonunan jazo olsin. Nafaqat tezlikni oshirgani uchun, qoidabuzarlikni targ‘ib qilgani uchun ham. «Prezident sovg‘asi» esa olib qo‘yilsin, ertaga shu mashinada bir baloni boshlab, yaxshi narsani yomon dog‘ga aylantirmasidan», deya yozadi u.

Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmati rahbari Qahramon Xudoyberganovning «Daryo»ga bildirishicha, chempion egaligidagi avtomobil shahar bo‘ylab qidiruvga berilgan. 

«Qonun hamma uchun barobar, har bir huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik muqarrar. Tez orada avtomobil topilib, chora ko‘riladi va bu haqda jamoatchilikka rasmiy kanallarimiz orqali ma’lumot beramiz», — degan mas’ul.

Eslatib o‘tamiz, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev 71 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida boks bo‘yicha Parij Olimpiadasida oltin medal olgan. Bu uchun unga 200 ming AQSh dollari, Tahoe avtomobili va ikki qavatli kottej sovg‘a qilingan.

O‘zbekiston yo‘llaridagi vaziyat

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining iyun oyida o‘tkazilgan majlisida ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida yo‘l-transport hodisalari oqibatida maktab o‘quvchisi bo‘lgan 65 nafar bola halok bo‘lgan, 294 nafari jarohatlangan.

Maktablar va oliygohlarda yangi o‘quv yili boshlanishi bilan bolalar o‘limi bilan bog‘liq holatlar ro‘y bera boshladi.

19 sentabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida BYD krossoveri katta tezlikda harakatlanib ketayotganda avtobusdan tushib, yo‘lni kesib o‘tayotgan 9 yoshli o‘quvchi qizni urib yuborgan. U kasalxonaga olib ketilayotganda vafot etdi.

20 sentabr kuni esa Buxoroda hokim yordamchisining mashinasi urib yuborgan o‘quvchi vafot etgan, mansabdor tezlikni oshirgani haqida xabarlar tarqalgan.

18 sentabr kuni ham Toshkent shahri Shayxontohur tumanida Gentra haydovchisi katta tezlikda harakatlanib kelib, piyodalar o‘tish joyida 19 yoshli qizni urib yubordi va uni o‘ldirdi. Marhumaning otasi va guvohlarga ko‘ra, haydovchi uning mashinasi «murda tashuvchi emasligini» aytib, qizni shifoxonaga eltishdan bosh tortgan. 

Ko‘proq yangiliklar: