AQSh Hindistondan o‘g‘irlangan yoki kontrabanda yo‘li bilan olib chiqib ketilgan 297 dona qadimiy buyumlarni o‘z vataniga qaytaradi, deb xabar beradi CNN.
Eksponatlar topshirilishi munosabati bilan AQSh prezidenti Jo Bayden va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi uchrashuv vaqtida shu kabi bir nechta artefaktlar fonida suratga tushgan.
Iyul oyida AQSh va Hindiston noqonuniy savdoga barham berish va Hindistondan o‘g‘irlangan qadimiy buyumlarni qaytarish jarayonini soddalashtirish yo‘li bilan madaniy merosni himoya qilishga oid bitimni imzolagan edi.
Hindiston hukumatining 21 sentabrdagi bayonotida keltirilishicha, aksariyat qismi Sharqiy Hindistondagi terrakota artefaktlari bo‘lgan buyumlar «tez orada» qaytariladi.
Ushbu muddat Modining Delaver shtatiga tashrifi vaqtiga to‘g‘ri kelib qoldi — Bayden bu yerda dam olish kunlari AQSh, Hindiston, Yaponiya va Avstraliya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan sammitni o‘tkazdi.
«Bosh vazir Modi mazkur artefaktlarning qaytarilishidagi qo‘llab-quvvatlovi uchun prezident Baydenga minnatdorchilik bildirdi», — deyiladi Hindiston TIV xabarida.
Modining ta’kidlashicha, ushbu osori atiqalar «nafaqat Hindiston madaniy tarixining bir qismi, balki uning sivilizatsiyasi va ongining ichki negizini ham tashkil etgan». Haykallardan tortib vazalargacha bo‘lgan artefaktlarning ayrimlarining yoshi eramizdan 2000 yil oldinga borib taqaladi. Ularning ba’zilari toshdan, metalldan, yog‘och va fil suyagidan yasalgan.
Ma’lumot uchun, 2022 yilda AQSh xalqaro savdo tarmoqlari bo‘yicha olib borilgan 15 yillik tergov doirasida 307 ta o‘g‘irlangan buyumni Hindistonga qaytargan edi. Qiymati 4 million dollardan oshadigan mazkur buyumlarning to‘rtdan uch qismi Hindiston sudi tomonidan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan Nyu-Yorkdagi art-diler Subxash Kapurga bog‘liq ekani aniqlangan.