Kreml Putinning yangi yadroviy raketalari sinovi muvaffaqiyatsiz kechganidan bexabar ekanini ma’lum qildi

Jahon 23:29 / 23.09.2024 9145

Kreml Plesetsk poligonida uchirilgan RC-28 «Sarmat» qit’alararo ballistik raketaning test uchirilishi muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan bexabar. Bu haqda Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.

«Biz bu borada hech qanaqa ma’lumotga ega emasmiz. Bu, katta ehtimol bilan harbiylarimiz vakolatida bo‘lgan savol. Shuning uchun ularga murojaat qilish tavsiyasini beraman», — deydi Peskov.

22 avgust kuni Rossiya Arxangelsk oblastidagi Plesetsk poligonida «Sarmat» raketalarining test sinovini muvaffaqiyatsiz o‘tkazgani ma’lum bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jangovar o‘q-dorilar shaxtaning o‘zida portlab ketib, poligonni vayron qilgan. Hodisa vaqtida raketa yadroviy kallaklar bilan jihozlangan bo‘lmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarda portlash yuz bergan joyda ulkan o‘ra paydo bo‘lgan tasvirlangan. OSINT tahlilchisiga ko‘ra, portlashga raketaga yonilg‘i quyish vaqtida kelib chiqqan yong‘in sabab bo‘lgan. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, bu «Sarmat»ning to‘rtinchi marta muvaffaqiyatsizlikka uchragan sinovi hisoblanadi. Birinchi va oxirgi muvaffaqiyatli sinov 2022 yil 20 aprelda o‘tkazilgan xolos.

Yong‘inlarni qayd etuvchi FIRMS monitoring tizimi poligon hududida ulkan yong‘in sodir bo‘lganini tasdiqladi — bu portlash haqidagi versiya haqiqat ekaniga isbot bo‘lad oladi.

2023 yilning kuzida Vladimir Putin «Sarmat» raketa majmualari 1980 yillardan beri qurollanishda turgan «Voyevoda» qit’alararo raketalar o‘rnini egallashini, ammo hozirda u seriyali ishlab chiqarilmayotganini ma’lum qilgandi. «Sarmat»ni yaratish ishlari 2013 yilda boshlangan va Putin o‘shandayoq raketa 2020 yilda borib foydalanishga topshirilishini va’da qilgandi. Ammo shuncha sa’y-harakatga qaramay, tizim hamon qurollanishdan o‘rin olmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya ixtiyorida 40 tagacha «Voyevoda» raketalari bor, biroq harbiy ekspert Pavel Luzinning fikricha, ushbu ma’lumotlar haqiqiy vaziyatni ifodalamaydi. «Amaliyotda biz ularning soni nolga teng deb hisoblashimiz mumkin, chunki raketalarning yaroqlilik muddati allaqachon tugab bo‘lgan», — deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: