Albaniya poytaxti Tiranada musulmonlar uchun xuddi Vatikanga o‘xshash kichik davlatni yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Edi Rama va Bektoshi so‘fiylar tariqatining diniy rahbari Edmond Braximay ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bo‘lajak shahar-davlat hududida alkogol mahsulotlarini ichishga ruxsat beriladi, ayollardan esa ro‘mol o‘rash talab etilmaydi, insonlarning yashash tarziga hech qanaqa cheklovlar bo‘lmaydi.
Albaniya bosh vaziri Edi Ramaning so‘zlariga ko‘ra, Bektoshi tariqatining suveren davlati nomini oladigan yangi davlatning tashkil etilishi «yaqin kelajakda» amalga oshiriladi. Rejalarga muvofiq, uning maydoni qariyb 10 gektarni tashkil etadi, ammo u yerda ma’muriyat, pasport va chegara bo‘ladi.
Bosh vazirning ta’kidlashicha, yangi davlatning tuzilishi islomning bag‘rikeng versiyasini targ‘ib qilishga yordam beradi. «Biz ushbu xazinani — diniy bag‘rikenglikni saqlashimiz kerak», — deydi u.
Renovabis nemis gumanitar loyihasining ma’lumotlariga ko‘ra, Albaniya aholisining 21 foizi Bektoshi so‘fiylik tariqatiga mansub.
Bektoshiya — Turkiya va Albaniyada tarqalgan sufiylik tariqati. Kichik Osiyoda XIII asr oxiri — XIV asr boshida mahalliy turk ko‘chmanchi va o‘troq aholisi orasida paydo bo‘lgan. Tariqatning nomi yarim afsonaviy Hoji Bektosh Rumiydan boshlanadi.