Albaniya sobiq prezidenti korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olindi

Jahon 22:39 / 21.10.2024 2916

Albaniya sobiq prezidenti (2017-2022 yillar) Ilir Meta hibsga olindi. Bu haqda uning advokati Gens Yokutay ma’lum qildi, deb yozadi NOA. Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezident «yo‘lning o‘rtasida o‘g‘irlab ketilgan».

Yokutayning aniqlik kiritishicha, Meta uchta band bo‘yicha ayblanmoqda: korrupsiya, pul yuvish va oshkor etmaslik. Advokatning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ish bo‘yicha sobiq prezident 5 yil muddatga qamalishi mumkin. «Metaning pozitsiyasi aniq… u vaziyatga aniqlik kiritishga tayyor», — deydi Yokutay.

Advokat ushbu ishni siyosiy deb atadi va o‘z himoyasi ostidagi shaxs ayblovlarni rad etganini ta’kidladi.

55 yoshli Ilir Meta 1999 yildan 2002 yilga qadar Albaniya bosh vaziri, 2002-2003 hamda 2009-2010 yillarda tashqi ishlar vaziri bo‘lgan. Shuningdek, turli yillar davomida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot, savdo va energetika vazirlari lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2004 yilda u keyinchalik nomi «Ozodlik partiyasi»ga o‘zgargan Sotsialistik harakatga asos solib, uni boshqargan.

1996 yilda Metaning kommunistik rejim davridagi alban maxsus xizmatlari (Sigurimi) faoliyatiga aloqadorligi tekshirilgan. U vaziyatdan xabardor bo‘lganlikda gumonlangan, biroq aybdor deb topilmagan. 2022 yil yozda Sigurimi arxivlarini o‘rganish bilan shug‘ullangan komissiya yuqori martabali amaldorning maxsus xizmat faoliyatiga aloqadorligini isbotlovchi dalillar topilganini ma’lum qilgandi. O‘sha yilining o‘zida Albaniya hukumati Sigurimi bilan hamkorlik qilishda gumonlangan yuqori martabali shaxslarga nisbatan tekshiruvlar boshlashni qo‘llab-quvvatlagan.

Shuningdek, Meta siyosiy karerasi davomida bir necha bor korrupsiya bilan bog‘liq mojarolarga aralashib qolgan. Xususan, 2011 yilda Top Channel kanalida bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan Metaning o‘sha vaqtdagi energetika vaziri Dritan Prifti bilan suhbati videosini e’lon qilgan. Kadrlarda Meta Priftini GES qurilishi bo‘yicha tenderda g‘oliblikni pul evaziga o‘zi aytgan kompaniyaga berishni so‘ragani tasvirlangan. Siyosatchi, ushbu materiallar siyosiy raqiblari tomonidan uyushtirilganini ma’lum qilgan, ammo shunga qaramay iste’fo bergan. Keyinroq esa uning o‘zi energetika vaziriga aylangan.

Mazkur ish bo‘yicha prokuratura Metani ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etish va 10 ming dollar jarima to‘lashini so‘ragan, biroq Albaniya Oliy sudi 2012 yilda undan korrupsiya bo‘yicha ayblovlarni olib tashlagan.

Ko‘proq yangiliklar: