Albaniyada 14 yoshli o‘smirning o‘limi sabab TikTokʼdan foydalanish taqiqlanadi

Jahon 21:48 / 22.12.2024 893

Albaniya hukumati mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bloklashga qaror qildi, deb yozadi Reuters. Hukumat ijtimoiy tarmoqni «bolalar o‘rtasida zo‘ravonlik va tahqirlashni targ‘ib qilishda» ayblagan.

Albaniya bosh vaziri Edi Rama 21 dekabr kuni platformadan foydalanish mamlakatning barcha aholisi uchun kamida bir yil muddatga bloklanishini ma’lum qildi. Ushbu cheklov 2025 yil boshidan amal qiladi. Ramaning aytishicha, Albaniya cheklovni uzaytirish yoki uni bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilishdan oldin kompaniya va boshqa davlatlarning taqiqqa munosabatini kuzatadi.

TikTokʼning bloklanishiga 14 yoshli o‘smirning o‘ldirilishi sabab bo‘lgan — janjal vaqtida boshqa bir maktab o‘quvchisi unga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Mahalliy OAVga ko‘ra, mojaro ijtimoiy tarmoqlardagi dahanaki janjaldan boshlangan, qotillikdan keyin TikTokʼda boshqa o‘quvchilar mazkur jinoyatni oqlagani tasvirlangan ko‘plab videolar tarqala boshlagan.

TikTok o‘zining qotillikka aloqador ekanini rad etgan: kompaniyaning ma’lum qilishicha, janjal ishtirokchilarining hech birining TikTokʼda akkaunti bo‘lmagan, ularning dahanaki tortishuvi ham boshqa ijtimoiy tarmoqlarda yuz bergan.

So‘nggi vaqtlarda ko‘plab Yevropa davlatlari, jumladan, Germaniya va Fransiyada bolalar va o‘smirlarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklash masalasi keng muhokama qilinmoqda. Avstraliya hukumati noyabr oyida 16 yoshga to‘lmagan aholining ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini butunlay taqiqlagan edi.

Avvalroq AQSh Federal apellyatsiya sudi Xitoyning ByteDance kompaniyasi zimmasiga 2025 yil 19 yanvarga qadar TikTok platformasini sotish majburiyatini yuklagandi. Aks holda platforma AQSh hududida bloklanadi. ByteDance’ning apellyatsiya da’vosida qisqa videolar servisiga qo‘yilayotgan taqiq AQSh konstitutsiyasining so‘z erkinligi to‘g‘risidagi birinchi tuzatishini buzayotganini qayd etgan. Ammo sud ushbu asosga qo‘shilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: