Muloqot chog‘ida KICC ishtirokida Janubiy Koreya hukumatining grant mablag‘lari evaziga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan energiya samaradorlikka qaratilgan loyihalar va issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishni ta’minlash bo‘yicha istiqbolli loyihalar yuzasidan ma’lumot almashildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida qizilmiya mahsulotidan pellet ishlab chiqarish va unda ishlovchi ko-generatsiya qurilmalarini o‘rnatish loyihasi ishga tushirilgan bo‘lib, mazkur yoqilg‘i mahsuloti tabiiy gaz, ko‘mir kabi issiqlik manbalari o‘rnini bosishga qaratilgan. Ushbu ko-generatsiya qurilmalarining quvvatlarini ikki karra oshirish ko‘zda tutilgan.
Farg‘ona viloyatida ham qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan (paxta poyasi) pellet ishlab chiqarish hamda pelletda ishlovchi elektr va issiqlik energiyasi hamda bug‘ ishlab chiqaruvchi ko-generatsiya qurilmalarini barpo etish loyihasining texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilishi yakunlanmoqda.
Joriy yilning iyul oyida Furqat tumani hokimligi hamda Janubiy Koreya tomoni bilan memorandum imzolangan bo‘lib, loyiha natijalari asosida O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham pellet klasteri joriy etilishi belgilangan.
Muloqot chog‘ida tomonlar o‘rtasida mazkur sohada Koreya Respublikasining zamonaviy texnologiyalarini va tajribalarini O‘zbekistonda keng joriy etish ikkala davlat manfaatlariga mos kelgan holda o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.