Bolaga nisbatan oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlik belgilanmoqda

O‘zbekiston 15:30 / 20.09.2024 2683

Senatning bugun bo‘lib o‘tayotgan ellik yettinchi yalpi majlisida “Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur qonun Jahon banki tavsiyasi asosida bolalar va xotin-qizlarning tazyiq va zo‘ravonlikka uchrashining oldini olish choralari samaradorligini oshirish, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhit yaxshilanishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Foto: Senat.uz

JSST ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi.

2023 yil va joriy yilning may oyiga qadar sodir etilgan 894 ta oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyatlarning 55,6 foizi, ya’ni 506 tasi taraflar yarashgani munosabati bilan tugatilgan. Qolgan 44,4 foizi, ya’ni 388 tasi bo‘yicha sud tomonidan tegishli jazolar tayinlangan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi va Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik belgilash normasi bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bilan bog‘liq ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi arizani surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida emas, sud muhokamasi paytida berish tartibi joriy qilinmoqda.

Ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha ishlar yuzasidan yarashuv to‘g‘risidagi ariza faqat ishni sudda ko‘rish jarayonida, sud muhokamasining istalgan bosqichida, ammo sud maslahatxonaga kirishidan oldin berilishi mumkinligi belgilanmoqda.

Himoya orderi berilishi bu – ishimiz bitdi degani emas. Bu zo‘ravonlikka qarshi kurashish ishining boshlanishi. Chunki jabrlangan shaxsga tibbiy, ijtimoiy, psixologik, iqtisodiy, moliyaviy yordam berilishi kerak bo‘ladi. Lekin zo‘ravonga nisbatan bizda hozircha hech qanday ishlar tashkil qilinmayapti. Tuzatish dasturini ishlab chiqib, individual tarzda har bir shunday shaxs bilan, bizga yot bo‘lgan illatlarga qarshi ishlashimiz kerak. Shuning uchun bu masalaga kompleks yondashish lozim.

 Bu masalalar yuzasidan Ijtimoiy himoya milliy agentligi yaxshi ishlarni boshladi. Lekin ushbu agentlik atrofida barcha mutasaddi vazirlik va idoralar birlashib ishlashi talab etiladi”, deya ta’kidlab o‘tdi qonun muhokamasida Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Ko‘proq yangiliklar: