“Pulni kimdan olgan bo‘lsam, o‘sha odamga qaytaraman” – Rayhon G‘aniyeva Panorama Airways ishiga aloqasi yo‘qligini izohladi

Jamiyat 16:06 / 19.09.2024 29845

Minglab o‘zbekistonliklar Umra ziyoratiga borib, Saudiyada uzoqroq qolib ketishiga sabab bo‘lgan Panorama Airways va Gulbakhor Airways kompaniyalari mas’ullariga ochilgan jinoyat ishi tafsilotida xonanda Rayhon G‘aniyevaga aloqador jihati ham bor. Bu xonandaning Toshkent shahridagi uyining jinoyatda ayblanayotgan shaxslarga oldi-sotdisi bilan bog‘liq.

Ayblov xulosasida keltirilishicha, har ikki kompaniyaning norasmiy rahbari hisoblangan A.F. Rayhon G‘aniyevaning poytaxtdagi uyini 1,8 mln dollarga sotib olishga va pulni bo‘lib to‘lashga kelishgan. U Rayhonga bir marta 300 ming dollar, ikki marta 150 ming dollardan jami 600 ming dollar berganini aytgan. Biroq kelishuv amalga oshmasdan, A.F. pulni qaytarib berishni so‘ragan, xonanda esa qaytarmagan.

Rayhon G‘aniyeva maqola yuzasidan munosabat bildirdi va Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ish tafsilotlarini ochiqladi.

Ko‘p yillik mehnatim ortidan halol ishlab topgan pullarimga uzoq vaqt mobaynida o‘zim uchun, kelajakda farzandlarimga qoldirish uchun shu uyni qurgan edim. Ba’zi sabablarga ko‘ra uni sotishga qaror qilgandim va uyga xaridor bo‘lib Gulchehra Fattoyeva kelgandi. Zalog bergan va keyinchalik oilaviy sabablarga ko‘ra shartnomani buzdi. Bu oiladan faqat Gulchehra bilan fuqarolik munosabatlarim bo‘lgan. Bergan zalogni qaytarishdan hech qachon bosh tortmaganman va pullarni kimdan olgan bo‘lsam o‘sha odamga, ya’ni faqat Gulchehra Fattoyevaga qaytarishim mumkin. Shuni aytishim joizki, Abdulaziz Fattoyevga, uning kompaniyasiga va sodir etgan jinoiy ishlariga, ayniqsa men haqimda tergov va sudda berayotgan ko‘rsatmalariga mening hech qanday aloqam yo‘q.

Jinoyat ishida ayblanuvchi ham, jabrlanuvchi ham emasman, bu holat ikki fuqaro o‘rtasidagi oldi-berdi bilan bog‘liq, ya’ni fuqarolik tartibida hal etilishi kerak bo‘lgan nizo, deydi Rayhon G‘aniyeva.

Eslatib o‘tamiz, Panorama Airways va Gulbakhor Airways norasmiy rahbari o‘z ko‘rsatmasida Rayhon G‘aniyeva unga do‘q-po‘pisa qilib, pullarni qaytarib bermasligini aytganini bildirgan. U ushbu pullarni undirib, Gulbakhor Airways MChJga to‘lov qilgan holda Umra ziyoratiga borolmagan fuqarolarga pullarni qaytarish uchun prokuraturaning hisobraqamiga o‘tkazishda amaliy yordam so‘ragan.

Ko‘proq yangiliklar: