“Chorva va bog‘ bizni boqdi”: tog‘ bag‘ridagi baxtli oila

Jamiyat 10:36 5207

Farg‘ona tumani tarkibiga kiruvchi, atrofi Qirg‘izistonning Botken viloyati hududi bilan o‘ralgan Yordon qishlog‘iga ham qish o‘z hukmini o‘tkazdi.  Uylarga pechka qurilgan, mo‘rilardan tutun burqsiydi. Purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan qishloq ahli chorvachilik va dehqonchilik bilan mashg‘ul. Har bir yordonlikning olma yoki yong‘oq bog‘i, qo‘rasida echkisi, qoramol va qo‘yi bor. Kun.uz muxbiri qishloqda yashovchi 84 yoshli Rahmatillo ota Kengashev oilasida bo‘lib, ularning kunlik yumushlari bilan tanishdi.

Rahmatillo ota Kengashev turmush o‘rtog‘i Salimaxon aya Kengasheva bilan 5 farzandni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi, ularni uyli-joyli qildi. Ko‘p yillar kolxozda ishlab hozirda keksalik gashtini surayotgan Salimaxon aya o‘tmishdagi xotiralarni yodga oldi:

“Mehnat bilan mashg‘ul bo‘lsangiz, tanangizda qon yuradi. Dangasalik kasallik chaqiradi. Turmush o‘rtog‘imning yoshi 84 da, men esa 74 yoshman. Lekin hali ham tinmaymiz. Er-xotin ikkimiz farzandlarimning qarshiligiga qaramay uy yumushlari bilan mashg‘ulmiz.

40 yil kolxozda mehnat qildim. 10 yil Qirg‘izistonda yashab, fermada ishladim. U yerda mol va echki boqib sog‘ardim. Bu mehnatlar ortidan yomon bo‘lganimiz yo‘q. Sigir va echki sutidan qurt va saryog‘ tayyorlab sotdik oila tebratish uchun.

Kolxoz paytida asosan kartoshka va makkajo‘xori ekardik. 7 sotix kartoshka chopsak, 2,5 so‘m haq yozardi.

Turmush o‘rtog‘im Shohimardon qishlog‘idagi sanatoriyada elektrik, kezi kelganda qorovul bo‘lib ishladi. Hozirda ikkimiz bir bo‘lib 1,5 mln so‘m pensiya olamiz. Bu chol-kampirga yetadi. Tog‘ bag‘rida 80 sotix yerimiz bor, 80 tup o‘rik ekkanmiz bu bog‘ga. Tirikchilik shu bog‘dan: o‘rik quritib sotamiz”, deydi Salimaxon aya.

Tasvirga olish jarayonidan so‘ng oilaning yaqinlari tahririyatga Rahmatillo ota Kengashevning 84 yoshida vafot etgani haqida ma’lum qildi.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Ko‘proq yangiliklar: