Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi chegara bojxona posti orqali 9 oylik chaqalog‘i kiyimlarida turli dorilar olib kirgan ayol ushlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, avvalroq Toshkent viloyatida joylashgan “G‘ishtko‘prik” chegara bojxona postidan o‘tayotgan shaxs qo‘lidagi chaqalog‘ining kiyimlari orasiga 32 dona “Anaferon” dori vositasini yashirib olib o‘tishga uringan vaqtda to‘xtatib qolingan va ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Oradan bir oy o‘tib u yana shu usulda – 9 oylik chaqalog‘ining boshdan oyoq kiyimlari orasiga 21 dona “Avamis” dori vositasini yashirib olib kirishga uringan vaqtida to‘xtatib qolingan.
Qayd etilishicha, hozirda holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.