Paralimpiya bahslarida ikki nafar sportchimiz ikkitadan medal sohibi bo‘ldi. Nurxon Qurbonova nayza uloqtirish bahslarida oltin, yadro uloqtirishdan esa bronza medali sohibi bo‘ldi. U Tokio olimpiadasida kumush va bronza medali bilan taqdirlangandi. Endilikda chempion Los-Anjyeles o‘yinlarida ikki oltin medalni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan.
Namangan viloyati Mingbuloq tumani Dovduq qishlog‘ida yashovchi chempion va uning yaqinlari musobaqa tafsilotlari, bunday natijalarga erishish yo‘lida oila boshiga tushgan tashvishlar haqida Kun.uz muxbiriga so‘zlab berdi.
Nogironning onasi bo‘lish qiyin
“6 nafar farzandim bor. Ikkinchi farzandim tug‘ilganda shifokorlar uning umurtqa pog‘onasida nuqsoni borligini aytishdi. Nurxonni voyaga yetkazib, odamlar orasiga qo‘shish oson bo‘lmadi.
Bunday odamni tushunish qiyin, chunki uning o‘jarliklari bo‘ladi. Vaqt o‘tib qizim imkoniyati cheklanganlar kollejiga qabul qilindi va yengil atletikaning nayza uloqtirish turi bo‘yicha darslarga qatnay boshladi. Boshida 9 metrgacha nayza uloqtira olgan edi. Keyinchalik darslarga qatnab natijalarini yangiladi. Tortinchoqligi uchun ham boshida darslarga bormayman deb turib oldi. Qo‘shnimiz Yorqinbek o‘z yutuqlari bilan qizimni sportning ushbu turiga qiziqtira boshladi. Keyin olimpiada zaxiralari kollejiga qabul qilindi.
Allohga shukur, yaxshi kunlar ham keldi. Katta mashinalarda qizim butun mahalla bo‘ylab yurib barchaning havasini keltirmoqda. Sog‘lom odamlar erisha olmayotgan natijalarga erishmoqda. Olimpiada taqdimotida ham bu yutuqlar meniki emas, ota-onamniki deganida o‘zimni qo‘yarga joy topa olmadim. Qizimning haqqiga doim duodaman”, deydi chempionning onasi Dilfuza Bozorova.
“Birka”ni ko‘rib qotib qoldim...
“1994 yil. Tuman shifoxonasida xururg bo‘lib ishlayman. O‘sha kun hamon yodimda. Kasalxonada edim. Yordamchim “roddom”da nuqsonli bola tug‘ilgani, holatini ko‘rishim kerakligi haqida aytib qoldi. Chaqaloqlar endi tug‘ilganida ularning ismlari bo‘lmaydi. Qazaloq oyog‘idagi “birka”ni ko‘rib bo‘shashib qoldim.
Chunki “birka”ga turmush o‘rtog‘im ism-familiyasi yozilgan edi. Qizim Nurxon bel umurtqasi churrasida nuqson bilan tug‘ildi. Tezda ilmiy kitoblardan kasallik haqida chuqurroq o‘rgana boshladim...
Qolgan barcha farzandlarim sog‘lom, qarindoshlarimning ham jismoniy holati yaxshi edi. Bu kasallik bizdagi ekologik muammo sababli sodir bo‘ldimi degan xayol ham bo‘lgan menda. Chunki qizim tug‘ilishidan biroz avval qishlog‘imizdan neft chiqqan. Neftni jilovlash uchun uni yoqishgan, bu orqali atrofga katta miqdorda gaz chiqib ketgan. Neft yomg‘irlari ham yog‘gan. Qizimdagi nuqsonga shu omil sabab bo‘lgan deb taxmin qilaman.
Bu kunlarga yetib kelish osonlikcha bo‘lmadi. Shunday voqealar bo‘lganki, esimdan chiqmaydi. Qizimni Toshkentga o‘yinga yuborishimiz kerak bo‘lgan va sport jihozlari, aravacha bilan yuk mashinasida yuborishimga to‘g‘ri kelgan. Haydovchi bilan kelishib, mashinaning orqa o‘rindig‘ini band qilib, aytgan pulini berdim. O‘shanda qizim o‘tirgan mashina Ohangaronda boshqa mashinaga turtilib ketgan. Haydovchi yura olmaydigan nogiron qizimning qo‘liga hech qancha pul bermay yo‘lda qoldirib ketgan. Bu menga ancha og‘ir ta’sir qilgan, chunki o‘sha vaqtda telefonlar ham kam edi. Nogiron qizning bir o‘zini ko‘chada qoldirib ketish qanchalar to‘g‘ri? Keyin haydovchini izladim. Lekin topa olmadim.
Sportchining olimpiada o‘yinlarida qatnashishgacha bo‘lgan qiyinchiliklari anchagina og‘ir bo‘ladi. Har kuni mashq qilishi kerak. Qizimning o‘yinlarini barchamiz uyda kuzatib boramiz va oltin medal olgandagi holatini tasvirlashim ancha qiyin. Olimpiada taqdimotida qizim so‘zga chiqdi va bizni davraga taklif etdi. Bu vaqtda hissiyotlarimni hozir sizga tasvirlab bera olmayman. Ko‘zimga behosdan yosh keldi. Mana hozir ham o‘zimni zo‘rg‘a yig‘idan tiyib turibman.
Shu vaqtgacha qizim 2 ta bronza, 1 ta kumush medalini qo‘lga kiritgan edi. Oxirgi uchrashuvda keyingi medalini oltin qilish haqida gapirgandi va buning ustidan chiqdi. Barcha ustoz va murabbiylarni yaqinlashib kelayotgan o‘qituvchi, murabbiylar kuni bilan tabriklayman. Butun xalqimizga tashakkur, qizimni qo‘llab turganliklari uchun. Hukumatimiz rahbariga ham o‘z tashakkurimni bildiraman”, deydi chempionning otasi G‘ulomjon Bozorov.
“Los-Anjyelesdan ikki oltin bilan qaytaman...”
“Sport olamiga kirib kelganimda buncha qiyinchiliklar bo‘ladi deb o‘ylamagan edim. Disk uloqtirish bilan boshlaganman yengil atletikani va diskni quchoqlab uxlagan vaqtlarim bo‘lgan. Eng alamlisi, onamni nogironligim uchun juda qattiq kamsitishgan. Bu narsa menga juda og‘ir botgan va barchaga nimaga qodirligimni isbotlash uchun harakat qilganman. Mana shu narsa meni oltin medal olish uchun turli qiyinchiliklarni yengishimga ruhlantirgan.
Parij-2024 olimpiadasida yadro uloqtirish turidan bronza medal olganim menga juda alam qildi. Chunki bu uchun biz murabbiyim bilan ancha harakat qilgan edik. Ertasi kuni nayza uloqtirish mashg‘ulotlarida tayyorgarlik ko‘rayotib yig‘lab yubordim. Murabbiyim hali yana bir imkoniyat bor deganida ham o‘zimga kelishim qiyin bo‘ldi. Chunki olimpiadaga tayyorgarlik chog‘ida yuragimda ko‘plab shubhalar bor edi. Eplay olamanmi o‘zi yoki yo‘qmi, degan. Ruhiy tomondan ancha qiyin bo‘ldi. Sportchiga ruhiy havotirni yengish ancha qiyin bo‘ladi va ko‘plab sportchilar shu tomondan hali tayyor bo‘lmaganlari uchun ham o‘yinlarda yutqazadi. Bundan tashqari yengil atletikaning ikki turiga birday tayyorgarlik ko‘rish qiyin bo‘ldi. Ikkisi uchun ikki xil yuklamalar mavjud, albatta. Nayzaning texnikasi va yadronikini aralashtirib yuborish holatlari ham bo‘ldi. Ikkisi uchun ikki xil vazn yuklamasi berilgan edi. Biriga 3 kg, boshqasiga 600 gramm.
Tokio-2020 o‘yinlarida 1 ta kumush, 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritgan edim. Parij-2024 o‘yinlarida 1 ta oltin, 1 ta bronza medal sohibi bo‘ldim. Nayza uloqtirishda 21 metr 12 sm, yadro uloqtirishda esa 7 metr 75 sm natijini qayd etdim. Nasib qilsa Los-Anjyeles o‘yinlarida bundan ham yaxshiroq natijalarni qo‘lga kiritishni maqsad qilganman.
Ota-onamning yuzini yorug‘ qilganimdan ichimda faxr tuyg‘usini his qildim. Har bir farzandning maqsadi ham shu bo‘lsa kerak”.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.