XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston delegatsiyasi Toshkentga qaytdi. Milliy paralimpiya qo‘mitasida sovrindorlarga xonadon, mashina va pul ko‘rinishidagi “Prezident sovg‘alari” topshirildi.
28 avgust – 8 sentabr kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida tashkil qilingan XVII yozgi Paralimpiya o‘yinlarida tarixiy natija qayd etgan o‘zbekistonlik sportchilar vatanga qaytishdi. Toshkent xalqaro ayeroportida rasmiylar, sportchilarning oila a’zolari, muxlislar hamda OAV vakillari ishtirokida Paralimpiada sovrindorlari hamda ishtirokchilarini tantanali tarzda kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda so‘zga chiqqan rasmiylar matonatli sportchilarimizning 10 ta oltin, 9 ta kumush va 7 ta bronza – jami 26 ta medalni qo‘lga kiritib, haqiqiy qahramonga aylanishgani, shu natija bilan delegatsiya Paralimpiya o‘yinlarini 168 ta mamlakat orasida 13-o‘rinda yakunlagani, jumladan, Osiyoda uchinchi, MDH, Markaziy Osiyo mintaqasi, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar orasida birinchi o‘rinni egallagani ta’kidlandi.
Uch karra paralimpiya o‘yinlari chempioni Husniddin Norbekov va oltin medal sohibi Asila Mirzayorova, murabbiy Sardor Abduxoliqov, shuningdek, chempionlarning ota-onalari so‘zga chiqib, kelgusida ham yangi zafarlarga erishish uchun bor kuch-g‘ayratlarini ishga solishlarini bildirishdi.
Shundan so‘ng, Parij-2024 qahramonlari maxsus avtobuslarda Milliy Paralimpiya qo‘mitasi tomon yo‘l olishdi. Qo‘mita hovlisida taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, unda Senat raisi Tanzila Narbayeva va uning o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Parij-2024 qahramonlariga davlat rahbarining sovg‘alarini topshirdilar.
Prezident qaroriga muvofiq,
- Oltin medal sohiblariga 200 ming AQSh dollari, Tahoe avtomobili, 2 qavatli kottej:
- Kumush medal sohiblariga 100 ming AQSh dollari, BYD Song Plus EV Champion Flagship avtomobili va xonadon;
- Bronza medal sohiblariga 50 ming AQSh dollari, BYD Song Plus DM-I Champion Flagship avtomobili va xonadon hadya qilindi.
Paralimpiya bahslarida ikki sportchi: Tolibboy Yo‘ldoshev (oltin va bronza) hamda Nurxon Qurbonova (oltin va bronza) ikkitadan medalni qo‘lga kiritishdi. Ularga 200 ming va 50 ming dollar alohida taqdim etildi. Mashina va uy esa bittadan, ya’ni oltin medal sohiblariga beriladigan Tahoye hamda ikki qavatli kottej sovg‘a qilindi.
Eslatib o‘tamiz, sovg‘alar davlat budjyetidan ajratiladi, mukofotlar miqdori davlat rahbari tomonidan 2022 yilning fevral oyida tasdiqlangan.
Ma’lumot o‘rnida, Parijdagi Paralimpiada O‘zbekiston uchun eng muvaffaqiyatlisi bo‘ldi. Jumladan, sportimiz tarixida ilk bor 65 nafar o‘zbekistonlik para atlet Paralimpiya o‘yinlariga 113 ta litsenziya qo‘lga kiritdi, milliy delegatsiya birinchi bor Paralimpiya o‘yinlarida 9 ta sport turida ishtirok etdi.
Paralimpiya o‘yinlari tarixida birinchi marta o‘zbekistonlik para yengil atletikachilar 16 ta medal bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rinni va para tayekvondochilar 3 ta medal bilan umumjamoa hisobida 3-o‘rinni egallashdi.
Husniddin Norbekov 3 karra Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan ilk sportchi, Shahina Yigitaliyeva delegatsiya tarkibida Paralimpiya o‘yinlari sovrindori bo‘lgan eng yosh sportchi sifatida tarixga kirdi.